O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elektorat manfaati: amaliyot va samara
2017-11-27 | Jamiyat
Navoiyda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi tomonidan “Mahalliy Kengashlarda partiya pozitsiyasi va elektorat manfaatlarini ifoda etishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika o‘quv seminari o‘tkazildi.
Unda partiya markaziy apparati va hududiy kengashlari mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari rahbarlari, partiya faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi N.Umarov keyingi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida siyosiy partiyalar faoliyati alohida o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, joriy yilning 12-iyulida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng partiyalar faolligi va tashabbuskorligi yanada oshdi. Xususan, hududlarda ko‘zga tashlanayotgan turli sohalarga oid muammolarga yechim topish, aholini o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni hal etishda partiya tashkilotlari hamda ulardan saylangan xalq vakillarining o‘rni va roli ortmoqda. Mazkur o‘quv-seminar ham partiya tuman va shaharlar kengashlarida aholi, xususan, saylovchilar hamda elektorat manfaatlarini ta’minlashning dolzarb vazifalarini muhokama etish, bu borada faol bo‘lgan kengashlar tajribasini ommalashtirishga xizmat qiladi.
Seminar ishtirokchilari Karmana tumani Talqoq mahallasidagi partiya tuman kengashining “Adolat qabulxonasi” hamda “Grand Farm Avitsenna” xususiy dorixonasida tashkil etilgan boshlang‘ich partiya tashkiloti, viloyat OITS markazi qoshidagi boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyati, mazkur muassasalarda yaratilgan sharoitlar, ish uslubi va tajriba bilan tanishdi. Xalq deputatlari Karmana tumani Kengashining namunali sessiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda mahalliy vakillik organlaridagi partiya deputatlik guruhlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga doir ma’ruzalar tinglanib, bu boradagi mavjud yutuq va kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonuniga yangi 142-modda kiritilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyati samaradorligini oshirish, ularning xalq bilan muloqot mexanizmlarini yanada takomillashtirish, nafaqat o‘z saylovchilari, balki hududiy partiya tashkilotlari bilan ham hamkorligini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, hududiy Kengashlardagi deputatlik guruhlari zimmasida ham bu borada ulkan mas’uliyat bor. Binobarin, partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlari bu borada o‘zaro hamkorlikda samarali faoliyat olib borishi hududlarda elektorat manfaatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Ma’lumki, deputatning asosiy vakolatlaridan biri deputatlik so‘rovi bilan bog‘liq, – deydi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Navoiy viloyati kengashi raisi R.Hayitov. – “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 8-moddasiga ko‘ra, deputat tegishli hududda joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki o‘z nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan deputatlik so‘rovi yuborishga haqli. Bundan tashqari, deputat yoki deputatlik guruhi tashabbusi bilan turli dolzarb masalalar mahalliy Kengashlardagi doimiy komissiyalar va sessiyalarda muhokama etilishi mumkin.
Seminarda deputatlar faoliyatida uchrayotgan muammolar va ularning yechimi, xalq vakillarining samarali faoliyatini tashkil etishning muhim vazifalari muhokama qilindi. Partiya va deputatlar o‘rtasidagi hamkorlik, partiya loyihalarining amaliyotga tatbiq etilishida deputatlarning o‘rni va roli tahlil etilib, partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, sessiyalarga masala kiritishning Navoiy viloyati tajribasi o‘rganildi.