Angrenda ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudlarining yangi binosi foydalanishga topshirildi
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, faxriy huquqshunoslar, tuman faollari va yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilayotgani, xodimlarning mehnat sharoiti yaxshilanayotgani sud tizimi samaradorligi va fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi sud-huquq tizimi moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, hududlarda yangi sud binolari qurilmoqda, mavjudlari rekonstruksiya qilinayotir. Toshkent viloyati Angren shahrida qurib foydalanishga topshirilgan yangi sud binosi ham ana shu e’tibor samarasidir.
– Zamonaviy va muhtasham sud binosida “Boysun omad qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 3 milliard so‘mlikdan ziyod qurilish-montaj ishlari bajarildi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudi raisi G‘.Ergashev. – Binoda ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar uchun mo‘ljallangan alohida 3 sud zali, xodimlar va fuqarolarni qabul qilish xonalari mavjud.
Abdulaziz Musayev, O‘zA