O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eksportbop ip-kalava ishlab chiqarilmoqda
2017-11-27 | Iqtisodiyot
Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi «Mo‘min tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyatida yuqori sifatli ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Umumiy qiymati 5,6 mln. dollarni tashkil etgan loyiha doirasida, 2,9 gektar maydonda bunyod etilgan mazkur korxonada yiliga 3 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarib, mahsulotlar to‘liq eksportga yo‘naltirilishi belgilangan.
Dunyodagi eng nufuzli Germaniyaning “Rieter” kompaniyasi zamonaviy texnologik uskunalari va dastgohlari bilan jihozlangan mazkur korxonada mahalliy xomashyoni sifatli qayta ishlash, eksportga mo‘ljallangan raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Quvonarlisi, mazkur korxona mamlakatimiz sanoati rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shish bilan birgalikda, aholining bandligini ham ta’minlamoqda. Bu korxonada mehnat qilayotgan 120 ta ishchi-xodimning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati