O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar ijodiga bag‘ishlangan festival oldidan matbuot anjumani tashkil etildi
2017-11-27 | Jamiyat
Poytaxtimizdagi Yoshlar press-klubida joriy yil 27-30-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar III respublika festivaliga doir matbuot anjumani tashkil etildi.
“O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining o‘rinbosari K.Beknazarov va boshqalar san’atni ravnaq toptirish borasidagi islohotlar jarayonida milliy kinomiz rivojiga ham jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Joriy yilning 27-30-noyabr kunlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Yosh kinoijodkorlar kengashi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan “PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar III Respublika festivali kino sohasida izlanayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilmoqda. Mazkur loyiha ularning ilg‘or tashabbuslariga qanot berish, izlanishlarini mohir kinoshunoslar, yetuk mutaxassislar nazaridan o‘tkazish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
Yosh kinochilarning festival uchun taqdim etgan filmlari “Eng yaxshi qisqa metrajli film uchun bosh sovrin”, “Eng yaxshi ssenariy”, “Eng yaxshi rejissyorlik ishi”, “Eng yaxshi operatorlik ishi”, “Eng yaxshi aktyor”, “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyalarida aniqlanadi.
Shuningdek, festival doirasida kinochilar anjumani, ijodiy muloqotlar, uchrashuvlar, mahorat saboqlari, davra suhbatlari o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.