O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Erazmus plyus” xalqaro ta’lim dasturining axborot kuni bo‘lib o‘tdi
2017-11-27 | Jamiyat
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2014-2020-yillarga mo‘ljallangan “Erazmus plyus” xalqaro ta’lim dasturining axborot kuni bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, vazirlik va idoralari vakillari, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari U.Begimqulov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari E.Stiprays va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 20 apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining xalqaro aloqalari geografiyasi tobora kengayib, ilg‘or tajriba almashish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda tizimli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
2014-2020-yillarga mo‘ljallangan “Erazmus plyus” xalqaro ta’lim dasturi doirasida ham oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotir. “Erazmus plyus” Yevropa Ittifoqining ta’lim, kasb-hunar ta’limi va sport sohasidagi dasturi bo‘lib, u turli mamlakatlar talabalariga Yevropa oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish, universitetlar o‘qituvchilariga o‘z malakasini oshirishga ko‘maklashadi.
– “Erazmus plyus” 2018-yil uchun mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga «Capacity Building in Higher Education», «Credit Mobility», «Erasmus Mundus Joint Master Degrees», «Jean Monnet», «Erasmus + for Youth» kabi tanlov yo‘nalishlarini taklif etmoqda, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i N.Zufarova. – Bularda ishtirok etish oliy ta’lim salohiyatini oshirish bilan birga, qo‘shma magistrlik dasturlarini amalga oshirish, Yevropaning nufuzli ta’lim dargohlari bilan tajriba almashish imkonini beradi.
Ko‘rgazmali seminar va sessiyalar shaklida bo‘lib o‘tgan axborot kunida ishtirokchilar “Erazmus plyus” doirasida e’lon qilingan navbatdagi tanlov yangiliklaridan tashqari loyiha takliflarini tayyorlash, monitoring va hisobotlar taqdim qilish bo‘yicha ham bilimini oshirdi.