O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Samarqandda serjantlar forumi bo‘lib o‘tdi

2017-11-25 | Jamiyat

Samarqandda “Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni bajarishda serjantlar tarkibining o‘rni va roli” mavzuida serjantlar forumi bo‘lib o‘tdi. 

Forumda Markaziy harbiy okrug harbiy qism va muassasalarida xizmat qilayotgan serjantlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 20 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar tarkibi va qurilishi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Samarqand, Jizzax, Navoiy viloyatlarining ma’muriy chegaralari doirasida markaziy harbiy okrug tuzildi. 

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik A.Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzo va boshqalar mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar va ularning ahamiyati, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, milliy armiyamizda kechayotgan islohotlar jarayonida serjantlar tarkibiga qo‘yilgan talablar, harbiy qism va muassasalarning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan faoliyatda yosh harbiy xizmatchilarning keng ishtirokini ta’minlash, qism va bo‘linmalarga yuklatilgan o‘quv jangovar vazifalarni samarali bajarishda ularning tashabbuskorligini kuchaytirish, harbiy intizom va sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlashdagi mas’uliyatini oshirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. 

Forum doirasida serjantlar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli rejissyor Hilol Nasimov bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazdi, kitob yarmarkasi tashkil etildi. Yosh harbiy xizmatchilarning Samarqanddagi tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarga sayohati uyushtirildi. 

– Serjantlar tarkibi bugungi kunda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining eng muhim bo‘g‘inlaridan biridir, – deydi Navoiy garnizonidagi harbiy qism vzvod komandirining moddiy ta’minot bo‘yicha yordamchisi, serjant D.Muhammadiyev. – Bu esa bizning zimmamizga juda katta mas’uliyat yuklab, belgilangan vazifa va majburiyatlarni o‘z vaqtida, bekamu ko‘st bajarishni talab etadi. Bunday tadbirlar ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish va kelgusi vazifalarni belgilab olishimizga yordam beradi. 

Forumning badiiy qismida Samarqand musiqali drama teatrida serjantlar va ularning oila a’zolari uchun “Iymon” spektakli namoyish etildi. 

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev so‘zga chiqdi. 

 

 

G‘olib Hasanov, O‘zA

Поделиться