O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bank-moliya tizimini takomillashtirishdagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi

2017-11-24 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida 24-noyabr kuni “O‘zbekiston iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirishda bank-moliya tizimining samarali ta’sirini kuchaytirish” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir Bank-moliya akademiyasi, O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi va Toshkent moliya instituti hamkorligida tashkil etildi. 

Mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilayotir. Xususan, valyuta siyosatini erkinlashtirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini mustahkamlash, eksport qiluvchi korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, investorlar uchun qulay biznes muhitini yaratishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Bank-moliya akademiyasi rektori vazifasini bajaruvchi A.Bekmurodov va boshqalar valyuta bozorini xalqaro talablar darajasida isloh etish, valyuta barqarorligini mustahkamlashda monetar siyosat vositalarining ahamiyatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z samaralarini berayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida bank tizimini yanada takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarini joriy etish tamoyillari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi. 

Ilmiy ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar tarzida o‘tgan tadbirda valyuta siyosatini erkinlashtirishning milliy iqtisodiyotdagi o‘rni, davlat moliya tizimini takomillashtirishning ustuvor masalalari, iqtisodiy o‘sishni soliqlar orqali rag‘batlantirishning zamonaviy tendensiyalari, investitsiyaviy muhit jozibadorligini ta’minlash omillari, moliya tizimini modernizatsiya qilish hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 

– Banklarning investitsiya loyihalariga sarmoya kiritishining ta’sirchan usullarini amaliyotga joriy etish partiyamiz dasturida qayd etilgan, – deydi O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi B.Yoqubov. – Bunday tadbirlar sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan asoslangan takliflar ishlab chiqishda mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy-tahlil markazlari va xorijlik mutaxassislar hamkorligini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega. 

Konferensiyada ta’kidlanganidek, mamlakatimiz bank-moliya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti makroiqtisodiy barqarorlikka erishish uchun qulay sharoit yaratmoqda. 

Tashqi savdo faoliyati bosqichma-bosqich erkinlashtirilishi va milliy valyuta almashinuv kursining rag‘batlantiruvchi dinamikaga ega bo‘lishi natijasida 2017-yilning o‘n oyi davomida eksport orqali kirib kelayotgan valyuta tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizdan ziyodga o‘sdi. 

– O‘zbekistonda iqtisodiyotni isloh qilish, bank tizimini erkinlashtirish va barqarorligini oshirish jarayoni bozor mexanizmlarini inobatga olgan holda amalga oshirilmoqda, – deydi Yaponiya Moliya vazirligi qoshidagi Siyosiy tadqiqotlar instituti prezidenti Toshinori Doi. – Yaratilgan huquqiy asos va siyosiy iroda bozor iqtisodiyoti sharoitida islohotlar ijobiy natijalar berishini ta’minlamoqda. Hamkorligimiz doirasida iqtisodiyotga xalqaro standartlarni joriy qilish borasidagi dasturlarda ishtirok etishga tayyormiz. 

Tadbir doirasida xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan bank-moliya tizimida yangi xizmat va imtiyozlarni joriy etishga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi, bildirilgan fikr-mulohazalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. 

 
Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA 

Поделиться