O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farzand tarbiyasiga e’tiborsizlik qilgan ota ma’muriy javobgarlikka tortildi
2017-11-24 | Jamiyat
Prezidentimiz joriy yil 15-noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida joriy yilning 10 oyi davomida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan 875, maktab o‘quvchilari tomonidan 310 og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etilgani achinarli hol ekanini alohida ta’kidladi.
Kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga nima sabab bo‘lmoqda? Ushbu noxush holatlarning oldini olish mumkinmidi? Qanday omillar o‘quvchilarning jinoyatga qo‘l urishiga sabab bo‘lmoqda?
Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi 13-musiqa va san’at maktabida Mirzacho‘l qishloq xo‘jaligi hamda agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining ma’muriy huquqbuzarlik ishi bo‘yicha o‘tkazilgan sayyor ochiq sud majlisida shunday savollar o‘rtaga tashlanib, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.
Sudda ko‘rilgan “hech bir sababsiz” janjalning sababi aslida bunday bo‘lgan: joriy yil 20 sentabr kuni Mirzacho‘l qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining uchinchi bosqich o‘quvchilari Dilshod Tursunboyev, Bekjon Xo‘jaahmedov, Naim Xonkelov, Keldiyor Islomov va Otabek Sulaymonov Mirzacho‘l agroiqdisodiyot kasb-hunar kollejida o‘qiydigan tengdoshlari Bobir Azizov va Bekzod Ne’matov bilan “hisob-kitob” qilib qo‘yish uchun ularning yo‘lini to‘sadi. Janjalda, albatta, ko‘pchilik tomon ozchilikni kaltakladi. Janjal ko‘pchilik ozchilikni uyigacha kaltaklab "etkazib" qo‘yishi bilan yakunlandi. Natijada agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Bekzod Ne’matov shifoxonaga tushdi, Mirzacho‘l qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining besh nafar o‘quvchisi ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Achinarlisi, o‘quvchilar o‘rtasidagi ixtilof garchi anchadan buyon davom etayotgan bo‘lsa-da, mushtlashuvgacha bu holga na ota-ona, na mahalla va na bilim yurti ma’muriyati e’tibor berdi. Befarqlikning oqibati o‘quvchilardan birining tan jarohati olgani, besh nafarining ustidan ma’muriy huquqbuzarlik ishi qo‘zg‘atilganidan so‘nggina jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Prezidentimiz videoselektor yig‘ilishida ta’kidlaganidek, har bir mahallani jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish, bu borada befarqlik, loqaydlik holatlariga barham berish jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlashning asosiy shartlaridan biridir. Mazkur fikr hayotiy haqiqat ekanini sudda ko‘rilgan ushbu voqea ham ko‘rsatib turibdi.
Besh nafar o‘quvchining ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha Arnasoy tumani ma’muriy sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sud majlisida chiqarilgan qonuniy qarorga jabrlanuvchilar, ayblanuvchilar, ularning ota-onalari, kollejlar vakillari, mahalla fuqarolar yig‘ini faollari o‘z munosabatini bildirdi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Hatto yoshligini hisobga olib, uncha-muncha aybini ham kechiramiz. Bu bag‘rikenglik sudlarda ham qo‘llanilayotir. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Sud qaror qabul qilishda yoshlarni jazolash emas, tarbiyalash, xatolarini tuzatishga imkoniyat yaratish yo‘lini tutdi.
Ish bo‘yicha javobgar bo‘lgan Mirzacho‘l qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchilari yoshligi, qilmishidan pushaymonligi inobatga olinib, sud ogohlantirish bilan cheklandi. Ularning yana bir sherigi, voyaga yetmagan Otabek Sulaymonovning otasi Sunnatilla Sulaymonovga farzand tarbiyasiga e’tiborsizlik qilgani uchun eng kam ish haqining bir yarim barobari miqdorida jarima solindi.
– Sudda o‘quvchilarga qo‘yilgan ayblov ular tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan barchaga daxldor, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Mirzacho‘l tumani bo‘limi raisi Sh.Tursunov. – Bu hodisa biz, ota-onalar, tarbiyachilar, mahalla faollarining befarqligi, loqaydligi tufayli sodir bo‘ldi. Hech birimiz “bu mening bolam emas”, “mening ko‘chamda bo‘layotgani yo‘q”, degan munosabat tufayli yoshlarimiz jinoyatchiga aylanishi mumkinligini unutmasligimiz kerak.
Oqsoqol haq. Befarqlik, loqaydlik – eng yomon illat. Bu mazkur voqea tufayli o‘tkazilgan sud jarayonida ham sezildi. Hatto farzandining taqdiri hal bo‘layotgan sud majlisida ham javobgarlarning ota-onalari, fuqarolar yig‘ini raislarining ayrimlari qatnashmadi. Bunday munosabatni qanday baholash mumkin? Loqaydlik, befarqlikning me’yori, biror chegarasi bormi o‘zi? Hushyorlikni ta’minlashda kichik yo mayda-chuyda degan narsa bo‘lmaydi. “Bir gugurt bir qishloqni yondiradi”, “Bir tayoq boshni yoradi” deganlaridek, bunday e’tiborsizlik katta noxushliklarga olib kelishi mumkin.
Afsuski, hayotimizda hali-hamon beg‘amlik, loqaydlik, sodir bo‘layotgan hodisalarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olish illatlari mavjud. Oramizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashni faqat davlatning ishi, “buning menga daxli yo‘q”, deb o‘ylaydiganlar bor.
Inson uchun nihoyatda xatarli bo‘lgan ma’naviy tahdidlardan biri –bu beparvolik va loqaydlikdir. Jamiyatda beparvo, loqayd kimsalar borligining o‘ziyoq taraqqiyotga jiddiy xavf soladi. Darhaqiqat, beparvolik va loqaydlik barcha davrlarda yuzaga kelgan kulfat va musibatlarning asosiy sababi bo‘lgan. Donolar aytganidek, "dushmandan qo‘rqma, nari borsa seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stdan qo‘rqma, xiyonat qilishi mumkin. Biroq, befarq odamdan qo‘rq – u seni o‘ldirmaydi, sotmaydi. Uning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi”.