O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston xalq artisti Sattor Yarashev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi
2017-11-24 | Madaniyat
O‘zbekiston xalq artisti Sattor Yarashev o‘ziga xos ijro va shirali ovozi bilan elimiz qalbidan chuqur joy olgan san’atkor edi. Ayniqsa, u «Farhod va Shirin» musiqali dramasida Farhod, «Tohir va Zuhra»da Tohir, «Layli va Majnun»da Majnun, «Shoir taqdiri»da Furqat, «Dilorom»da Moniy, «Gulsara»da Qodir kabi rollarni maromiga yetkazib ijro etgan.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida O‘zbekiston xalq artisti Sattor Yarashev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Oqilova va boshqalar milliy operamiz darg‘asi Sattor Yarashev ijodi madaniyat va san’atimiz rivojida munosib o‘rin egallab, u ijro etgan rollar va musiqiy asarlar xalqimizning ma’naviy merosiga aylangani xususida so‘z yuritdi.
Sattor Yarashev 1917-yilda Buxoro viloyatida dehqon oilasida tug‘ilgan. U o‘sha paytda qo‘ng‘iroqday ovozi bilan Vobkent tumani havaskor teatr jamoasi rahbari Abdulla Ortiqovning nazariga tushgan edi. Iste’dodli ijodkor shu tariqa san’at olamiga qadam qo‘ygan. Avval Buxoro shahrida, keyinchalik Toshkentdagi ijodiy faoliyati bilan yosh artist xalqimizga ommaviy xalq qo‘shiqlari ijrochisi sifatida tanilgan. S.Yarashev P.I.Chaykovskiy nomidagi Moskva davlat konservatoriyasining O‘zbek opera studiyasida ta’lim olgach, hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida uzoq yillar ishlagan.
– Ustozimiz Sattor Yarashev har bir roli va ashulasi ustida tinmay ishlardi, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Gulgina Zokirova. – Bu esa uning ijrosida yaqqol namoyon bo‘lardi. U ijro etgan rollar hayotiy va ishonarli, ariyalari, qo‘shiqlari inson ko‘ngliga orom va taskin berardi. Ayniqsa, uning ijrosidagi Muqanna, Niyoz, Omon, Cho‘ponali kabi yorqin obrazlar talqini hanuzgacha ko‘z o‘ngimizda qayta-qayta gavdalanadi. Bugungi ijodiy kechada yosh artistlarimiz "Dilorom" operasidan Moniy ariyasi, "Maysaraning ishi" operasidan cho‘pon ariyasi, «Layli va Majnun» operasidan Qays ariyasini ijro etar ekan, biz ularni Sattor Yarashevning izdoshlari, deb ayta olamiz. Bunday iqtidor egalari ulug‘ siymolar qoldirgan musiqiy merosni qadrlashi va ularni kelajak avlodga yetkazishiga ishonamiz.
Kechada "Ustozni xotirlab" hujjatli filmi hamda teatr jamoasi va taniqli san’atkorlar ijrosida konsert namoyish etildi.