O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy Majlis Senatida uchrashuv
2017-11-22 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 22-noyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Trent Kelli boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev bilan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar qaror topgani qayd etildi. Ikki davlat rahbarlarining muloqotlari, shu yil sentabr oyida Nyu-Yorkda o‘tkazilgan O‘zbekiston – AQSh biznes-forumi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar 2002-yilda imzolangan Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida taraqqiy etmoqda. Parlamentlar hamda hukumatlar darajasidagi ikki tomonlama tashriflar faollashgani siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va izchil amalga oshirilayotgan 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyat boshqaruvini isloh qilishda muhim asos bo‘layotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekistonning tinchlikparvar siyosati, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalari va mintaqada barqarorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
– O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi farovonligini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar e’tiborga molik, – dedi T.Kelli. – Parlamentlar o‘rtasida ikki tomonlama tashriflar faollashgani bu boradagi o‘zgarishlar haqida fikrlashish, qonun ijodkorligi bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni, xususan, ta’lim, madaniyat, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash xususida fikr almashildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ham uchrashuv o‘tkazdi. Poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.