O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Germaniya: savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklik yangi o‘suvchanlikni kasb etmoqda
2017-11-22 | Siyosat
Joriy yil 14-17-noyabr kunlari Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi tashrif bilan Germaniyada bo‘ldi.
Tashrif doirasida Germaniya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur birlashmaga a’zo bo‘lgan yetakchi kompaniyalar, jumladan, Knauf, MAN, Siemens, Claas, Commerzbank, Airbus, SAP, Deutsche Kabel hamda GFR Tashqi ishlar vazirligi, Germaniya iqtisodiyot va energetika federal vazirligi, Nemis iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasining vakillari ishtirok etdilar.
Germaniya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining hamraisi, “Knauf” kompaniyasi ijrochi direktori Manfred Grundke yig‘ilishni ochar ekan, O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining ushbu tashrifi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri ishbilarmonlar kengashining hamraisligiga tayinlanishi Toshkentning nemis biznesiga nisbatan alohida e’tibori va ishonchidan dalolat berishini qayd etdi.
M.Grundke ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar hozirning o‘zidayoq katta samarasini ko‘rsatgani holda xorijlik sarmoyadorlar uchun o‘zbek bozoridagi ishtirokini kengaytirish uchun muhim ishora bo‘ldi. Uning aytishicha, Germaniyaning yetakchi kompaniyalari valyuta bozorini erkinlashtirish borasida olib borilayotgan islohotlarni katta umid va ishonch bilan qabul qildi. Yigirma yildan ziyod davr mobaynida mamlakatimiz bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelayotgan nemis biznesi, moliyaviy muassasa va tashkilotlarning vakillari faoliyat olib borishda qo‘llab-quvvatlayotgani va zarur sharoitlarni yaratayotgani uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirishgani holda uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish yuzasidan manfaatdorlik izhor etdilar.
Tadbir chog‘ida O‘zbekiston iqtisodiyotiga ilg‘or texnologiyalarni va nou-xauni jalb qilish, shuningdek, ta’lim, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikni faollashtirish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Germaniya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2018-yilning birinchi yarmida Toshkentda o‘tkazish yuzasidan qaror qabul qilindi.
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, Nemis iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi va Germaniya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi Germaniya Federativ Respublikasining 200 dan ziyod yetakchi kompaniya va banklari vakillari ishtirokida tashkil qilingan qo‘shma biznes-forum ushbu tashrif doirasidagi yana bir muhim voqea bo‘ldi.
Anjumanni ochar ekan, Bavariya Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot, OAV, energetika va texnologiyalar vaziri Ilze Aygner bugungi kunda “O‘zbekiston–kelajak bozori” ekanligini qayd etib, Germaniya biznes-hamjamiyati mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiyalash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini tasdiqladi. U, shuningdek, mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, yengil va dori-darmon sanoatida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi va boshqa yo‘nalishlardagi sanoat kooperatsiyasi uchun mavjud bo‘lgan keng imkoniyatlar yuzasidan ham atroflicha fikr yuritdi. Bavariya kompaniyalari mamlakatimizda ochilayotgan imkoniyatlardan foydalanishga, tez rivojlanayotgan o‘zbek bozorida o‘z o‘rnini egallashga ulgurishga da’vat etildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni ham Yevropadagi eng baquvvat iqtisodiyotga ega bo‘lgan, dunyoning sanoati ravnaq topgan yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblanadigan Germaniya bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.
O‘zbekiston hukumati rahbari Germaniya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi hamda biznes-forum ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, respublikamizda xorijiy sarmoyadorlarning tadbirkorlik faoliyati uchun huquqiy jihatdan barcha sharoitlar yaratilgani haqida bayonot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zavtosanoat” AK va Germaniyaning MAN, Knauf, Siemens kompaniyalari hamda KfW bank tizimiga kiradigan DEG Sarmoyalar va rivojlanish bo‘yicha nemis jamiyati vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralar tadbir qatnashchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Ular o‘zlarining O‘zbekiston bozoridagi uzoq yillik muvaffaqiyatli hamkorligi tajribalarini o‘rtoqlashar ekan, ishbilarmonlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdilar.
Biznes-forum yakunlari bo‘yicha 1,3 milliard AQSh dollari hajmiga teng bo‘lgan 70 dan ziyod hujjat imzolandi. Ularda energetika, neft-gaz, kimyo jabhalarida, yengil sanoat, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, sayyohlik va boshqa yo‘nalishlardagi sarmoyaviy loyihalarni hayotga tadbiq etish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, MAN Truck & Bus AG kompaniyasi bilan “JV MAN Auto-Uzbekistan” korxonasi bazasida sayyohlar uchun mo‘ljallangan avtobuslar va Volkswagen Amarok rususmli pikap avtomobillarini ishlab chiqarish, Knauf xalqaro kompaniyasi bilan “Buxorogips” qo‘shma korxonasida gipsokarton ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, Viessmann guruhi bilan ikki konturli isitish qozonlari ishlab chiqarilishini tashkil etish, Bosch kompaniyasi bilan 2018-yil yanvarida O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishi yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Yuqoridagilardan tashqari, Germaniyadagi yirik Siemens kompaniyasi bilan O‘zbekistonda “Xavfsiz shahar” majmuini barpo etish, Toshkentda o‘zining o‘quv markaziga ega bo‘lgan onkologiya, nevrologiya, kardiologiya va travmatologiya qo‘shma klinikasini tashkil qilish bo‘yicha loyihani amalga oshirish boshlanadi. Jahonga mashhur TUI Group sayyohlik kompaniyasi o‘zbek sheriklari bilan sayyohlik sohasida qo‘shma loyihalarni hayotga tadbiq etadi.
Shuningdek, Germaniyaning Deutsche Bank, Commerzbank, AKA Bank singari rasmiy moliyaviy muassasalari sarmoyaviy loyihalarni moliyalashtirish hamda kichik va o‘rta biznes, savdo operatsiyalari uchun kredit liniyalarini taqdim etish niyatidadir.
Mamlakatimiz mahsulotlari eksportini kengaytirish maqsadida Germaniya Federativ Respublikasida O‘zbekiston savdo uyini ochish to‘g‘risidagi shartnoma, sarhil va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari, to‘qimachilik buyumlari va o‘zbek korxonalarining boshqa tovarlarini Germaniyaga yetkazib berish yuzasidan shartnomalar imzolandi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Bavariya Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot, OAV, energetika va texnologiyalar vaziri Ilze Aygner, mehnat, ijtimoiy himoya, oila va integratsiya vaziri Emilia Myuller, TUI Group, Bosch, Papenburg, Deutsche Bahn, Siemens, HeidelbergCement, MAN, SAP, Volkswagen, Humana, Airbus, BASF, Falk Porsche Technik, Knauf, TAKRAF, Daimler, Viessmann, Textima Export Import, Teichmann Group kompaniyalari hamda Deutsche Bank, KfW, Commerzbank, AKA Bank, Credit Suisse (Shveytsariya) singari yirik moliya muassasalarining rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi. Ular BMW, Knauf, Siemens, Bionorica va boshqa ishlab chiqarish kompaniyalarida ham bo‘ldilar.
Tadbirlar yakunlari bo‘yicha “Jahon” axborot agentligi muxbiri nemis biznesining ayrim vakillari bilan suhbatda bo‘lib, O‘zbekiston–Germaniya amaliy hamkorligining istiqbollari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashishini so‘radi.
– O‘zbekistonda mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritgan, ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashgan hamda tajriba va texnologiyalarini baham ko‘rgan ko‘pgina nemis kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda, - dedi Germaniya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi ijrochi direktori, Deutsche Kabel AG Taschkent sarmoyadori Falk Porshe. –Yaqinda tashkil etilgan ishbilarmonlar kengashimiz nemis ishbilarmon va sanoat doiralari o‘rtasida katta e’tiborni o‘ziga jalb qildi. Germaniyaning 30 dan ziyod yirik kompaniyalari uning safiga qo‘shilgani bu fikrni tasdiqlaydi. Ularning ko‘pchiligi butun jahonga mashhur kompaniyalardir. Kengashimizning vazifalaridan biri-nemis biznesi uchun O‘zbekiston “eshiklarini ochish”.
Aleksander Kais, Kermi GmbH kompaniyasining boshqaruvchi direktori:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotning barcha jabhalarida samarali o‘zgarishlarni amalga oshirishga hamda respublikada tadbirkorlik muhitini takomillashtirishga alohida urg‘u berilgan. Nemis ishbilarmon doiralari oldida O‘zbekiston tomonining dalil-isbоtlar bilan asoslangan chiqishlari manfaatdor sheriklar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nuqtai nazaridan bizlarni rag‘batlantirdi.
Yan-Diter Bruns, Bruns Pflanzen kompaniyasi vakili:
– 1876-yilda asos solingan “Bruns Pflanzen” dekorativ daraxtlar, buta va o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha Yevropadagi eng yirik va eng ko‘hna kompaniyalardan biri hisoblanadi. Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari mamlakatingizdagi sarmoyaviy muhit va o‘zgarishlar, ayniqsa, respublika rahbariyati va hukumatining Germaniya bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qat’iy irodasi haqida aniq-ravshan tasavvurga ega bo‘ldilar.
Shu tariqa O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga yangi turtki berdi. Yuqori darajada o‘tkazilgan tadbirlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan salmoqli salohiyat, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni yana mustahkamlash yuzasidan mushtarak manfaatdorlikning mavjud ekanligini ko‘rsatdi.