O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Inson huquqlarini himoya qilishda samarali yondashuvlar

2017-11-22 | Jamiyat

Toshkentda 21 noyabr kuni “Inson huquqlari sohasida taraqqiyot mezonlarini o‘lchash bo‘yicha qiyosiy ko‘rsatkichlar: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro konferensiya boshlandi.

Konferensiya Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi va uning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, BMT Taraqqiyot dasturi va F.Ebert nomidagi jamg‘armaning (Germaniya) mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etildi.

Unda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, uning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, YEXHT demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, BMT Taraqqiyot dasturining Istanbul shahridagi mintaqaviy markazi ekspertlari, shuningdek, Slovakiya, Xitoy va boshqa mamlakatlardan taniqli siyosatshunos va huquqshunoslar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, ijro va sud hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiyaning maqsadi butun dunyoda inson huquqlari sohasida taraqqiyot mezonlarini o‘lchash bo‘yicha xalqaro amaliyotni o‘rganish, milliy ko‘rsatkichlarni belgilash, inson huquq va erkinliklarining alohida toifalari, jumladan, fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy huquqlar hamda globallashuv va axborot texnologiyalari sharoitida inson huquq va erkinliklariga rioya etish va ularni himoya qilishni ta’minlashga doir ko‘rsatkichlarni ishlab chiqishdan iborat.

Anjumanda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini takomillashtirish va inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar samaradorligini baholash, gender tengligi darajasi va inson huquqlariga rioya qilishni o‘lchash indikatorlari, inson huquqlarini sudda himoya qilish darajasini o‘lchash uchun qiyosiy ko‘rsatkichlar kabi yo‘nalishlarda milliy va xalqaro tajriba muhokama etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICЕF)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari S.Graumann va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda demokratiya va inson huquqlarining zamonaviy mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizim yaratildi. Davlat va jamiyat hayotini erkinlashtirish, sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari ta’minlanishini kafolatlaydigan qonunchilik bazasini mustahkamlash yuzasidan aniq choralar amalga oshirildi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yildi. Buni amalda ta’minlash mexanizm va kafolatlari qonunlarimizda mustahkamlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida davlat va jamiyatning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlash, aholi bilan doimiy muloqot qilish maqsadida 2017 yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. Prezidentimizning joriy yil 7 fevraldagi farmoni bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.

Harakatlar strategiyasini hayotga tatbiq etish doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 20 dan ortiq qonun, Prezidentning 700 dan ortiq farmon va qarorlari, Hukumat hujjatlari qabul qilindi. Ushbu hujjatlardan maqsad mamlakatni yanada modernizatsiyalash, qonun va inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning farovonligini yaxshilashdan iboratdir.

O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 70 dan ortiq xalqaro hujjatga qo‘shilgan, jumladan, BMTning o‘nta asosiy hujjatini ratifikatsiya qilgan. Mamlakatimiz inson huquqlari va erkinligiga rioya etish hamda uni himoya qilish borasidagi majburiyatlarini to‘la bajarib kelmoqda.

Davlatimiz BMTning ustav va shartnomaviy organlari, ixtisoslashtirilgan muassasalari va BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashining maxsus tartibotlari bilan faol va amaliy muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi. BMTning inson huquqlari Kengashi maxsus tartibotlari bilan hamkorlik ularning ta’sis hujjatlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

2017 yilda O‘zbekistonga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn, BMTning din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid tashrif buyurdi.

Oliy komissar tashrifi yakunlari bo‘yicha mamlakatimiz parlamenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi qabul qilindi. Ushbu hujjat inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida 90 dan ortiq tadbirni o‘z ichiga olgan.

– 2017 yil O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilgan yil sifatida tarixda qoladi, – dedi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi boshlig‘i Rishard Komenda. – Ushbu yo‘nalishdagi tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar xalqaro standartlarga mosligi, ularda inson manfaatlari amalda o‘z ifodasini topayotgani diqqatga sazovor. O‘zbekiston parlamenti tomonidan ishlab chiqilgan Harakatlar rejasiga muvofiq o‘tkazilayotgan ushbu konferensiya hamkorlikdagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinligini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlar – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar huquqlarini qonunchilikka binoan himoya qilishda faol ishtirok etmoqda. Joriy yilda yurtimizda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishning sudga daxli bo‘lmagan yangi mexanizmi – Biznes ombudsman tashkil etildi.

Mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish, inson huquqlarining har xil toifalari ta’minlangan holda vaziyat monitoringini olib borish, inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha ma’ruzalar tayyorlash, shuningdek, BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha katta tajriba to‘plandi.

O‘tgan yillar mobaynida BMTning shartnomaviy organlariga O‘zbekistonning 35 dan ortiq ma’ruzasi taqdim etildi. Davlat organlari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda inson huquqlari bo‘yicha milliy ma’ruzalarni ko‘rib chiqish yakunlariga oid BMTning shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarish yuzasidan 10 dan ortiq Milliy harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, amaliyot inson huquqlarini samarali amalga oshirish, inson huquqlarining u yoki bu sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishni davom ettirish tegishli vositalar mavjudligiga bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. Zero, ko‘rsatkichlar taraqqiyot mezonlarini o‘lchashda muhim vositadir. Ularning qo‘llanilishi inson huquqlari bilan bog‘liq real vaziyatni o‘rganish va inson huquqlarini himoya qilishni takomillashtirish bo‘yicha kelgusi vazifalarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Ko‘rsatkichlardan milliy darajada keng foydalaniladi va samarali boshqarishda nihoyatda muhim hisoblanadi. Inson huquqlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar va yo‘nalishlarni qo‘llash davlatga inson huquqlarini implementatsiya qilishda samarali monitoring olib borish va taraqqiyot mezonlarini baholash imkonini beradi, bu yo‘ldagi to‘siqlarni aniqlash va bartaraf etishga ko‘maklashadi.

Mamlakatimizda Harakatlar strategiyasining ikkinchi yo‘nalishini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini hamda sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qonuniy va tashkiliy chora-tadbirlar qabul qilinmoqda. Jahon standartlariga muvofiq sudyalar hamjamiyatining yangi konstitutsiyaviy organi – Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Sud vakolatlari muddati uzaytirildi. Sud tomonidan asossiz ravishda ishlarning cho‘zilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ishlarni ko‘rib chiqish muddati tubdan o‘zgartirildi. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni qamoqda saqlash muddati 72 soatdan 48 soatgacha qisqartirildi, advokatlarning sud faoliyatidagi roli kuchaytirildi. Mazkur choralar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi va shartnoma asosidagi organlari tomonidan O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha yillik hisobotlarini ko‘rib chiqishda bildirilgan tavsiyalarga to‘la javob beradi.

– O‘zbekistonda BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi BMT Taraqqiyot dasturining Istanbul shahridagi mintaqaviy markazi maslahatchisi Izabel Chan. – Mamlakatingiz bilan hamkorligimiz mazkur maqsadlarni amalga oshirish yo‘lidagi iqtisodiy, ijtimoiy, atrof-muhitni himoya qilishni rivojlantirishga doir masalalarni hal qilishga qaratilgan. O‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan ishlash jarayonida biz inson huquqlari sohasida o‘zgarishlar yasaydigan indikatorlar kiritishni mo‘ljallamoqdamiz.

Xalqaro konferensiyada BMTning Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mitasi raisi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Litva, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Ombudsmanlari, shuningdek, Ozarbayjon va Polsha Ombudsman institutlari vakillari ishtirok etdi.

– Men o‘tgan yili ham O‘zbekistonga kelgan edim va bir yil ichida jamiyatingizda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berganiga guvoh bo‘ldim, – dedi Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova. – Bu yangilanishlar, birinchi navbatda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning fuqarolik jamiyatiga butunlay yangicha munosabatni shakllantirgani bilan bog‘liq. Bugun Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari har bir fuqaroga davlat organlari bilan muloqot qilish va buzilgan huquqlarini tiklash, noto‘g‘ri qarorlar tekshirilishini talab qilish imkonini bermoqda. Mamlakatingizda din va e’tiqod erkinligini ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida ham ijobiy ishlar qilinmoqda. 2017 yilning o‘tgan davrida noqonuniy diniy oqimlarga adashib kirib qolgan 16 ming fuqaro diniy oqimlarga moyil shaxslar ro‘yxatidan chiqarilgani va sog‘lom jamiyatga qaytarilganining o‘zi inson huquqlariga katta ahamiyat qaratilayotganidan dalolatdir.

Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalasiga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida qaralishi va xalqaro sheriklar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilishini qayd etdi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonni yanada rivojlantirish doirasida inson va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari himoyalangani nuqtai nazaridan davlatning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ekologik, huquqiy siyosatini baholash indikatorlari to‘plamini ishlab chiqish muhimdir.

Konferensiyaning yalpi va sho‘ba yig‘ilishlarida inson huquqlari sohasidagi taraqqiyot mezonlari, bu boradagi xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi, mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga oid masalalar muhokama qilindi.

Xalqaro anjuman doirasida O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi.

Konferensiya 22 noyabr kuni Samarqand shahrida o‘z ishini davom ettiradi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA

Поделиться