O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletovning Isroil davlati elchisi Eduard Shapira bilan uchrashuvi
2017-11-20 | Siyosat
2017-yil 16-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletovning mamlakatimizdagi Isroil Davlati elchisi Eduard Shapira bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Adliya vaziri Eduard Shapirani elchi lavozimiga tayinlangani bilan qutlab, O‘zbekiston Isroil Davlati bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
O‘zbekiston tomoni qayd etganidek, Adliya vazirligi Isroil bilan turizmni rivojlantirish, uning hududida O‘zbekiston turistik mahsulotini ilgari surish, Isroildan sayyohlar oqimini jalb qilish masalalarida o‘zaro hamkorlikni faollashtirishni ta’minlash borasida mas’ul hisoblanadi.Shu bois, R. Davletov mehmonga O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini rivojlantirish, mamlakatimiz obro‘-e’tiborini xalqaro maydonda mustahkamlash borasidagi siyosati, xalqimizning ma’naviy-madaniy merosi va turistik-rekreatsion salohiyati haqida qisqacha ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, elchi Eduard Shapira R.Davletovga ushbu uchrashuvni tashkil etgani uchun minnatdorchilik izhor etdi va mamlakatlarimiz o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar yanada rivojlanishiga umid bildirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning quyidagi jihatlarini muhokama etdilar:
- respublika turistik tarmog‘ini takomillashtirish maqsadida Isroildan ekspertlarni jalb qilish;
- isroillik sayyohlar uchun viza tartibini yengillashtirish va tranzit turlarni tashkil etish;
- Isroil OAVda O‘zbekiston turistik salohiyatini keng targ‘ib etish va reklama qilish;
- “Ipak yo‘li” hududiy turlarni tashkil etish;
- sayyohlarga O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan vaqtida qulay sharoitlar yaratish;
- Samarqand va Buxoro shaharlarida joylashgan tarixiy yahudiy sinagogalar bo‘ylab turlar tashkil etish.
Vazir ta’kidlaganidek, O‘zbekiston tomoni idora vakolatiga kiruvchi barcha sohalarda muloqot va hamkorlik uchun ochiqdir.
Uchrashuv yakunida tomonlar muloqot ishchanlik va samimiy ruhda o‘tganligini qayd etdi.