O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bolalarning huquq va manfaatlari himoyada
2017-11-21 | Jamiyat
“Farzandlar ota-onalarining nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar.
Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 65-modda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICЕF)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari S.Graumann va boshqalar O‘zbekistonda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasida nazarda tutilgan maqsad va vazifalar hayotga izchil tatbiq etilayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda mamlakatimizda bola huquqlari va erkinliklarini har tomonlama himoya qilishni ta’minlaydigan yuzdan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatdan iborat qonunchilik bazasi shakllantirildi. Konstitutsiyamiz va boshqa qator qonunlar asosida voyaga yetmaganlarning huquqlari ta’minlanmoqda.
Davra suhbatida o‘quvchi-yoshlar o‘z hayotiga daxldor masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi. Yoshlarga jamiyat hayotiga oid masalalarda qaror qabul qilishda faol ishtirok etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Yoshlar o‘z hududidagi muammolar yechimini topishdagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ular qo‘lga kiritgan yutuq va muvaffaqiyatlar bilan birga yoshlar o‘rtasida loyihalarni amalga oshirishda to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolar haqida ham taqdimotlar o‘tkazdi.
Davra suhbatida bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda milliy qonunchiligimizning o‘rni, bu borada qonunchilik tizimiga joriy etilayotgan xalqaro standartlar xususida so‘z yuritildi.
Tadbir doirasida yoshlar parlament a’zolari, deputatlar, parlament quyi palatasidagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA