Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlari o‘zlariga ishonib topshirilgan hududda fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalashga tantanali qasamyod qildi.
Unda turli vazirlik va idoralar, viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar, ichki ishlar xodimlarining oila a’zolari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari S.Ortiqova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov va boshqalar mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlari aholining tinch-osoyishta hayotini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifani sidqidildan bajarib, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz rahnamoligida ichki ishlar organlarini ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar soha faoliyatini tubdan takomillashtirish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda yuksak samaralar berayotir.
Namangan viloyatida ham profilaktika inspektorlarining o‘z hududida xizmat vazifasini to‘laqonli bajarishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 apreldagi "Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, profilaktika inspektorlari bosqichma-bosqich xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtomashina bilan ta’minlanmoqda.
Tadbirda profilaktika inspektorlarining bir guruhiga zamonaviy xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida xarid qilingan “Matiz” avtomobili kaliti tantanali ravishda topshirildi.
– Bugun men osoyishtalikni ta’minlash va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish uchun tantanali qasamyod qildim, – deydi Yangiqo‘rg‘on tumani Mamay mahallasidagi 424-tayanch punkti profilaktika inspektori I.To‘xtaboyev. – Shu choqqacha ishga Chortoqdan, 70 chaqirimdan ortiq yo‘l bosib kelar edim. Endi o‘zim mas’ul bo‘lgan hudud aholisi va oilam bilan tunu kun birga bo‘laman. Bu faoliyatimizni yanada samarali tashkil qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.
Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA