O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Profilaktika inspektorlari qasamyod qildi

2017-11-21 | Jamiyat

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali o‘rnatilgan maydonda Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining tantanali qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, turli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, profilaktika inspektorlarining oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda barcha sohalar qatori ichki ishlar organlari faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash tizimini yangicha asosda yo‘lga qo‘yish yuzasidan davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari qabul qilindi.

Mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi kurashish, ularning oldini olishda ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlari faoliyatining muhim ahamiyat kasb etishi inobatga olinib, Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, profilaktika inspektorlariga barcha sharoitga ega xizmat uylari topshirilmoqda.
 
Mazkur qarorga ko‘ra, yaqinda Samarqand viloyatida ham 180 nafar profilaktika inspektoriga xizmat uyi hamda imtiyozli kredit asosida ajratilgan shaxsiy avtomashina kaliti tantanali ravishda topshirilgan edi. Bu gal yana 120 nafar inspektor ana shunday g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘ldi. 

Marosimda profilaktika inspektorlari tantanali qasamyod qabul qildi va ularga zamonaviy xizmat uyi va yangi avtomashina kaliti topshirildi.
 
Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va boshqalar Prezidentimizning alohida e’tibori tufayli profilaktika inspektorlariga davlatimiz tomonidan keng imtiyoz va yengilliklar berilayotganini ta’kidladi. Xususan, ular o‘z xizmat hududida oilasi bilan yashashi uchun turar joy hamda imtiyozli asosda shaxsiy avtomobil bilan ta’minlanayotgani inspektorlarning faoliyat samaradorligini oshirib, hududda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
 
– Bir yildan buyon Samarqand shahridagi Devori Ko‘ndalang mahallasi profilaktika inspektori vazifasida ishlayman, – deydi katta leytenant Dilshod Mahammadiyev. – Payariq tumanidan qatnaganim uchun tunu kun xizmat hududida bo‘lishda qiyinchiliklarga duch kelardim. Mahalla hududida zamonaviy turar joy qurib berilgach, oilam bilan shu yerda yashab, doim xizmat joyida bo‘laman. Bolalarim ko‘z o‘ngimda ekani esa xotirjam ishlashimga yordam beradi. Bugun tantanali qasamyod qilib, kasbimning sharaf va mas’uliyatini yana bir bor chuqur his qilgan holda bundan buyon ham o‘z hududimda osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarni himoya qilish va turli noxush holatlarning oldini olishga bor kuchimni safarbar etaman. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi O.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev ishtirok etdi.

 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA

Поделиться