O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Joriy yilning o‘tgan davrida 2 mingga yaqin profilaktika inspektoriga xizmat uylari topshirildi
2017-11-21 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida shu mavzuga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari R.Ergashev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi eksperti N.Zikrillayeva va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev fuqarolarimizning tinch-xotirjam hayot kechirishi, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi ta’sirchan kurashish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratayotganini alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbari joriy yil huquq-tartibot organlari vakillari bilan bir necha uchrashuv o‘tkazib, zarur topshiriqlar berdi. Tizimga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, soha xodimlari xizmat va turmush sharoitini, oilaviy ijtimoiy himoyasini yaxshilash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida 2 mingga yaqin profilaktika inspektoriga xizmat uylari topshirildi, imtiyozli kredit asosida avtomashinalar berildi. “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar, Prezidentimizning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Yaratilgan bu kabi imkoniyatlarga soha xodimlari qanday javob bermoqda? Kutilgan natijaga qay darajada erishilmoqda?
Tadbirda bu boradagi ishlarga tanqidiy yondashildi. Ta’kidlandiki, tizimda yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlar, ularning asl mohiyati xodimlarga atroflicha tushuntirilmoqda. Yangi qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati muhokama qilinmoqda. Shunga qaramay, afsuski, ichki ishlar organlarining ayrim tarkibiy tuzilmalarida ahvol hanuz qoniqarli emas. Faoliyatda eskicha usullar kuzatilmoqda, tashabbuskorlik va izlanuvchanlik yetishmayapti. Bu esa Prezidentimiz joriy yil 15 noyabrdagi videoselektor yig‘ilishida haqli ta’kidlaganidek, islohotlarni to‘liq amalga oshirishga xalal bermoqda.
Tadbirda soha xodimlari faoliyatida tartib-intizomni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Xodimlarda vatanparvarlik, o‘z ishiga fidoyilik, mas’uliyat hissi shakllanmas ekan, xalqimiz kutgan natijaga erishish oson kechmaydi. Buning uchun ichki ishlar organlari va sohaviy xizmatlarda qat’iy tartib-intizom, kundalik idoraviy nazoratni kuchaytirish talab etiladi. Xodimlar o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish, mansab vazifalarini suiiste’mol qilish holatlariga barham berish, mahallalarda, ta’lim va boshqa muassasalarda jinoyatchilikning oldini olish borasida jamoatchilik bilan birgalikda amaliy chora-tadbirlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bugungi kun talabi ekaniga alohida e’tibor qaratildi.