O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonda xalqaro tadbirkor ayollar kuni nishonlandi

2017-11-21 | Iqtisodiyot

Poytaxtimizda “O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishida ayollar tadbirkorligining o‘rni va ahamiyati” mavzuida konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magida tashkil etildi. 

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi G.Mahmudova, parlament Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov va boshqalar mamlakatimizdagi izchil islohotlar tufayli ayollar tadbirkorligi, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, ishbilarmon ayollar iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. 

AQSh Xalqaro rivojlanish agentligining O‘zbekistondagi direktori G.Robbins, YeXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori J.Makgregor va boshqalar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi xorijiy hamkorlar sonining ortishiga xizmat qilayotgani, bunda xotin-qizlarning xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalariga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. 

Konferensiyada mahsulot va xizmatlar eksportida tadbirkor ayollar faolligini oshirish, ularning eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, bunda assotsiatsiyaning o‘rni va ahamiyati masalalari muhokama qilindi. 

Tadbirda 19 noyabr – Xalqaro ayollar tadbirkorligi kunini nishonlash taklif qilindi. 

– O‘zbekistonda Xalqaro ayollar tadbirkorligi kunini o‘tkazish ushbu sohaning yanada yuksalishiga xizmat qiladi, – deydi poytaxtimizdagi «Shox produkt plyus» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nazira Isroilova. – Yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, o‘z biznesini boshlashida tajribali tadbirkorlardan maslahat olishi, yetakchi, ixtirochi, yangilikka intiluvchan va tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash ushbu sananing muhim vazifalaridan hisoblanadi. 

Konferensiyada xorijiy va mahalliy ekspertlarning ayollar tadbirkorligi, uning rivoji va iqtisodiyotimizdagi o‘rni, ayollarning ijtimoiy faolligini oshirishda dolzarb vazifalar haqidagi ma’ruzalar tinglandi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA

Поделиться