O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bir tup yong‘oq yetti avlodni bahramand etadi
2017-11-20 | Iqtisodiyot
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatlarga tashrifi chog‘ida fermer va dehqonlar bilan uchrashib, aholi xonadonlarida bo‘lib, limon, yong‘oq, anor va boshqa serdaromad daraxt va ekinlar ekish zarurligini alohida ta’kidlamoqda. Qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish, tomorqalardan unumli foydalanish borasida zarur ko‘rsatmalar bermoqda.
Yurtimizda lalmi yerlardan foydalanishni rag‘batlantirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘lgan yong‘oq ishlab chiqarish hajmini oshirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga zamonaviy yong‘oq plantatsiyalarini barpo qilish hamda yong‘oq yetishtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan usullar va intensiv texnologiyalarni keng joriy etishga e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-iyundagi “Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Unga ko‘ra, 2017-2021-yillarda yong‘oq yetishtirish hajmini yanada ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. U quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi: 2017-2019-yillar – yong‘oq ko‘chatlarini yurtimizga olib kelish, 2018-2019-yillarda yong‘oq payvandtaglarni keltirish, 2020-yilda laboratoriya sharoitida yong‘oqning tegishli mintaqa tabiiy-iqlim sharoitlariga mos yuqori hosildor navlarini ishlab chiqish, 2018-2020-yillarda yong‘oq yetishtirish, uni ichki va tashqi bozorda sotishni yo‘lga qo‘yish.
Dastur ijrosini ta’minlash, lalmi yerlarda, xususan, tog‘li hududlarda yong‘oq yetishtirish, mo‘l hosil olish va eksportini kengaytirish maqsadida Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etildi.
Uyushma a’zolari 2020 yilga qadar xorijdan olib keladigan tomchilatib sug‘orish uskunalari, maxsus qishloq xo‘jaligi texnikalari, yong‘oq ko‘chatlari, payvandtaglari, payvandustlari, onalik materiallari bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod etildi. Yong‘oq plantatsiyalarini barpo etish loyihalariga xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini jalb qilish hisobiga 50 million dollargacha bo‘lgan kredit mablag‘lari ajratiladi.
– Biz serhosil yong‘oq plantatsiyalarini yaratish, eksport hajmini ko‘paytirish, yong‘oq yetishtiruvchilar malakasini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha tashkiliy ishlarni boshlab yubordik, – deydi Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi raisi Kamol Abdullayev. – O‘tgan qisqa fursatda Samarqand viloyatida 500 gektarda yong‘oqning «Chandler» navini ekdik. Yana yetti ming gektar maydonni yong‘oq ekishga tayyorlash yumushlari yakunlanmoqda.
Bugun bu borada qator yutuqlarga erishayotgan korxonalar soni ham ortib bormoqda. Ulardan biri – Toshkent viloyatidagi “Mevali plants” O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasidir.
Qo‘shma korxona intensiv bog‘lar uchun xalqaro andozalarga mos o‘ndan ziyod meva turining eksportbop navlaridan ko‘chat yetishtirmoqda. Korxona mutaxassislari ko‘chatlarni xarid qilgan bog‘bonlarga besh yil davomida bog‘ parvarishi, tomchilab sug‘orish tizimini tatbiq etish va o‘simliklarni himoya qilish borasida ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatadi. Yong‘oqzorlar yaratishga qaratilgan e’tibor qo‘shma korxona jamoasini yangi tashabbuslar sari undamoqda. Xususan, yong‘oq ko‘chatlari yo‘nalishida “Chandler yong‘oq bog‘lari” brendi tashkil qilindi.
Ayni vaqtda Yuqori Chirchiq tumanida qo‘shma korxonada yetishtirilgan yong‘oq ko‘chatlaridan 10 gektar yong‘oqzor tashkil etildi. Bahorda yana 150 gektar maydonda ekish uchun intensiv ko‘chatlarni tayyorlash ishlari yakunlanmoqda. Jamoa, shuningdek, xorijlik mutaxassislar bilan uchrashuvlar va o‘quv seminarlari ham tashkil etmoqda.
– Joriy yilning avgustida yong‘oq yetishtirish borasida zamonaviy usullarni o‘rganib kelish uchun agrotur tashkil etib, o‘nga yaqin tadbirkorni Turkiyaga olib bordik, – deydi "Mevali plants" qo‘shma korxonasi ta’sischisi Mansur Rahimov. – 2018-yilda ham bu an’anani davom ettirib, bir guruh tadbirkor, fermerlarni Ispaniyada malaka oshirishini tashkil qilishni mo‘ljallab turibmiz.
Viloyatlarda yong‘oq plantatsiyalarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, barcha viloyatlarda har bir xonadonda 10 tup yong‘oq ko‘chati ekish tashabbusi ilgari surilib, Andijon, Qashqadaryo, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida yong‘oq ko‘chatlarini ekish uchun qulay yer uchastkalari ajratilmoqda.
– Xalqimizda «Bir tup yong‘oq eksang, hosilidan yetti avloding bahramand bo‘ladi», degan gap bor, – deydi xatirchilik Sunnat Nosirov. – Zero, yong‘oq ko‘p yillik daraxt, juda sekin o‘sadi va uzoq umr ko‘radi. Qishlog‘imizda asosan mahalliy yong‘oq navlari – tosh yong‘oq, yupqa po‘choqli yong‘oq o‘sadi. Bir tup voyaga yetgan katta yong‘oqdan 500 kilogrammgacha hosil olish mumkin.
Yong‘oqzorlar barpo etish uchun yurtimizda yer ham, imkoniyat ham yetarli. Qolaversa, hademay, tog‘oldi yerlariga, daryo qayirlariga erta hosil beruvchi yong‘oq navlari ekishga kirishiladi. Bu kelajakda bozorlar to‘kinligi yanada oshadi, degani.