Markaziy ko‘rgazmalar zalida "Xotira" deb nomlangan retrospektiv ko‘rgazma boshlandi
Badiiy akademiya, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston koreys madaniyati markazlari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada mamlakatimizda istiqomat qiladigan koreys millatiga mansub rassomlar ijodi bilan tanishish mumkin.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar mamlakatimizda turli millat va elat vakillarining yagona oila farzandlari bo‘lib yashashi, ta’lim olishi, mehnat qilishi bilan bog‘liq huquqiy kafolatlar Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidladi. Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining ahil va hamjihat yashashi yo‘lidagi imkoniyatlar, tinch va osoyishta, ijtimoiy barqaror muhit, millat va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlikni ta’minlashga oid uzoqni ko‘zlovchi odilona siyosat xalqaro miqyosda ham alohida e’tirof etilmoqda.
Bu yil mamlakatimizda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning istiqomat qilayotganiga 80 yil to‘ldi. Ko‘rgazmadan o‘rin olgan asarlar ham o‘zbekistonlik koreys ijodkorlarining bag‘rikeng, samimiy, mehmondo‘st o‘zbek xalqiga minnatdorligining, Vatanimizga cheksiz hurmat va ehtiromining o‘ziga xos ifodasi, deb atash mumkin.
– Men shu zaminda oila qurdim, o‘zim, turmush o‘rtog‘im, farzandlarim ta’lim oldik, mutaxassislikka ega bo‘ldik, – deydi Tatyana Li. – Umr yo‘ldoshim Anatoliy Nagay rassom edi. Ekspozitsiyadan uning ham asarlari o‘rin olgan. O‘zbekiston fuqarosi ekanimdan g‘oyat faxrlanaman. Shu tabarruk diyorda ko‘rgan mehr va e’tibor, g‘amxo‘rlik uchun o‘zbekistonliklardan umrbod minnatdormiz.
Ekspozitsiyada rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, foto, zamonaviy tasviriy san’atga oid 200 ga yaqin ijod namunasi tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.
Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA