Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan Global tadbirkorlik haftaligi doirasida Farg‘ona viloyatida ham turli tadbirlar o‘tkazildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotida tobora muhim o‘rin tutmoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xususiy mulkchilik va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish kafolatlarini kuchaytirish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan aholi vakillariga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Savdo-sanoat palatasi, Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi, tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan Global tadbirkorlik haftaligi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Global tadbirkorlik haftaligi – bu istiqbolli loyihalarni amaliyotda qo‘llayotgan, tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirishga turtki beradigan loyihalar ishlab chiqayotgan tashabbuskorlar va ish beruvchilarga mo‘ljallangan xalqaro tadbir hisoblanadi. Bunday tadbirlar dunyoning 160 dan ziyod mamlakatida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinadi va biznesni rivojlantirish uchun takliflar ishlab chiqishda o‘ziga xos maydon vazifasini o‘taydi.
Farg‘onada haftalik doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirlar ham qizg‘in va yangi tashabbuslarga boy bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari Farg‘ona shahridagi “Turontekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati, "UZSUNGWOO" O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida bo‘lib, bu yerdagi ish jarayoni bilan tanishdi. Toshkentdan kelgan ishbilarmonlar o‘z biznes tajribasi haqida so‘zlab berdi.
– Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun keng imkoniyat va qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Ahadjon Akbarov. – Bugungi kunda viloyatimizda 8 mingdan ortiq yosh tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Bunday tadbirlar yoshlar o‘rtasida biznesni rivojlantirish borasida yangi takliflar ishlab chiqish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash kabi ezgu ishlarga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida mahorat darslari o‘tkazildi, ma’ruzalar tinglandi.
Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA