O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Sog‘lom turmush tarzi–baxtli hayot asosi” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi
2017-11-17 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Sog‘lom turmush tarzi–baxtli hayot asosi” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Nurmatova va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda olib borilayotgan tizimli islohotlar zamirida oilalar farovonligini ta’minlash, ayollar uchun munosib sharoitlar yaratish, sog‘lom va barkamol shaxs tarbiyasiga g‘amxo‘rlik mujassam ekanini ta’kidladi.
Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasida hamkor tashkilotlar bilan birga oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish, ayollarning reproduktiv salomatligini mustahkamlash yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha dastur qabul qilingan bo‘lib, uning doirasida olti yo‘nalishda faoliyat yuritilmoqda. Yosh avlod salomatligini mustahkamlash, yoshlarning sog‘lom turmush, oilaga oid bilimlarini oshirish, mehnat jamoalaridagi xotin-qizlar salomatligiga e’tibor qaratish, mahallalarda tibbiy-ijtimoiy patronajni takomillashtirish, sog‘lom ovqatlanish madaniyati, oila, onalik va bolalik himoyasiga doir targ‘ibotni kuchaytirish, sportni ommalashtirish shular jumlasidandir.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quvchi-qizlarni tibbiy-profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish, tibbiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish, murakkab vaziyatli oilalardagi o‘smir qizlar bilan ishlashni kuchaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Oliy o‘quv yurtlari talaba-qizlari turar joylarining sanitariya-gigiyena holati puxta o‘rganildi. Joylardagi fuqarolik holatlarini qayd etish bo‘limlari qoshida nikohlanuvchi shaxslar uchun “Oila maktablari” tashkil etildi. Mehnat jamoalarida ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ehtiyojmand oila vakillari imtiyozli sog‘lomlashtirildi. Ularning farzandlari yozgi oromgohlarda imtiyozli dam oldirildi. Ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari tomonidan hududlarda oilalarning sharoiti, ulardagi ijtimoiy, psixologik muhit o‘rganilib, tegishli ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
“Salomatlik poyezdi” faoliyati davomida chekka hududlarga zarur insonparvarlik yordami ko‘rsatilmoqda. “Eng fayzli xonadon”, “Eng sarishtali xonadon” kabi tanlovlar qizlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Chekka joylarda homilador ayollar, bolalar zarur polivitaminlar, vitaminlar bilan ta’minlanmoqda. Maktab, kollej va litseylar, mahalla guzarlarida qizlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar yanada kengaydi. Yoshi ulug‘ ayollar va uy bekalari uchun esa “E’zozli ayollar” sog‘lomlashtirish guruhlarining ishi yanada faollashdi. Qaynona va kelinlar ishtirokida sog‘lom ovqatlanish asoslari yuzasidan interfaol mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
– Xotin-qizlar qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda barcha shahar va tumanlardagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda, markazimizning har bir hududdagi filialida o‘smir qizlar shifokorlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi direktorining o‘rinbosari Yulduz Eshonova. – Qizlarning o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan e’tibori va mas’uliyatini oshirishda, ularni oilaga tayyorlashda bu mutaxassislarning xizmati katta bo‘lmoqda.
Matbuot anjumanida Xotin-qizlar qo‘mitasining oila, onalik va bolalik, qizlar salomatligini muhofazalashga doir loyihalari yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga ma’lumot berildi.