O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi qonun loyihasi muhokamada
2017-11-17 | Jamiyat
Poytaxtimizda “Davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni boshqarish mexanizmlarini rivojlantirish” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, Germaniya Moliya vazirligi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi R.G‘ulomov, Parlament quyi palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shodmonov va boshqalar Prezidentimizning joriy yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq korporativ boshqaruvning zamonaviy standart va usullarini joriy etish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlarning rolini kuchaytirish nazarda tutilganini ta’kidladi.
Harakatlar strategiyasining joriy yilda amalga oshiriladigan davlat dasturida “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinishi belgilangan. Shu munosabat bilan seminar jarayonida Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan mazkur qonun loyihasining mazmuni va mohiyati atroflicha yoritib berildi.
Mazkur Qonun loyihasi davlat mulkini boshqarishning uyg‘unlashgan tizimini barpo etish, davlat organlari vakolatlarini aniq belgilash, davlat mulklarini boshqarishni amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohada davlat siyosatini olib borish uchun javobgarlikni oshirishga yo‘naltirilgan. Qolaversa, davlat mulklarini samarali boshqarish asoslari qonunchiligini takomillashtirish, davlat mulklarini boshqarish subyektlarini aniqlash, ularning huquqlari, javobgarligi va majburiyatlarini, davlat mulkini boshqarish maqsadi, mexanizmi va tamoyillarini belgilashni nazarda tutadi.
Seminarda ishtirokchilar davlat ulushi mavjud xo‘jalik subyektlarida zamonaviy korporativ boshqaruv usullarining joriy etilishi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bilan tanishtirildi.
Mamlakatimizda korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘yicha 1 ming 178 davlat ulushi mavjud korxonalarda ijroiya organi faoliyati samaradorligini baholash mezonlari joriy etildi. 2016-yil yakunlari bo‘yicha uch yuzga yaqin aksiyadorlik jamiyatida korporativ boshqaruv tizimini baholash o‘tkazildi. Shundan 244 aksiyadorlik jamiyati qoniqarli, o‘ttizdan ortiq aksiyadorlik jamiyatida ushbu ko‘rsatkich yuqori deb topildi.
2017-yil 9-oy yakunlari bo‘yicha 1 ming 734 tinglovchi korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazining o‘quv kurslarida ishtirok etdi, shundan yuzga yaqin tinglovchi Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi bilan birgalikda tashkillashtirilgan kurslarda o‘qidi. Kelgusida ellikka yaqin yuqori darajada o‘zlashtirgan tinglovchilar Germaniyaning kompaniyalarida tajriba o‘tashga yuboriladi.
– O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan bir necha yillardan buyon hamkorlik qilib kelamiz va bu hamkorlikni yanada kengaytiramiz, – deydi huquqiy masalalar bo‘yicha ekspert Xans-Yoaxim Shramm (Germaniya). – Korporativ boshqaruv bilan bog‘liq huquqiy hujjatlar barqaror iqtisodiy rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtingiz bilan sohadagi yangi huquqiy hujjatlarni ishlab chiqarish, o‘zaro tajriba almashish borasida hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz.
Seminarda korporativ boshqaruvni takomillashtirish, sohaga yangi uslublarni joriy etishga oid ma’ruzalar tinglandi.