O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Start up innovation” loyihasi doirasida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
2017-11-16 | Jamiyat
Nukusda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari, sarmoyadorlar, ilg‘or tadbirkor va fermerlar, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Yoshlarning innovatsion tadbirkorligi va “Start up” loyihalarini amalga oshirish hamda mazkur sohadagi tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimi T.Salimov va boshqalar mamlakatimizda yoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtidorli yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Tadbirda bo‘lajak tadbirkorlar biznes-reja tuzish, biznes yuritishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor hal qilish, zarur axborot va huquqiy maslahatlar olish bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘ldi. Ekspertlar va investorlarga o‘z biznes loyihalarini namoyish etdi, eksport sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rgandi.
Nukusdagi “Stroy-vektor” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, yosh tadbirkor Islom Panayev bilan ochiq muloqot hamda mahorat darslari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Muloqotda yosh tadbirkor biznesga kirib kelish jarayoni va o‘z korxonasi faoliyati haqida gapirib berdi. Biznesni boshlamoqchi bo‘lgan yigit-qizlar bilan o‘z tajribasini o‘rtoqlashdi.
Endi 26 yoshga kirgan I.Panayev o‘z biznesini mustaqil ravishda 2012-yilda boshladi. Toshkent kimyo-texnologiya institutini neftni qayta ishlash mutaxassisiligi bo‘yicha tugatib, shu sohada faoliyat olib bordi.
– Korxonamizda qurilish ashyolari ishlab chiqariladi, – deydi u. – Shahrimizda namunaviy loyihalar asosida bunyod etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar qurilishiga pishiq g‘isht va turli temir-beton buyumlari yetkazib bermoqdamiz. Jamoamizda mehnat qilayotgan 300 ishchining aksariyati o‘zim kabi yoshlardir. Shuningdek, 50 dan ziyod turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan “Pana-milk” korxonasini ham tashkil etganmiz. Suzma, qatiq, qaymoq kabi mahsulotlarimizning xaridori ko‘p. Zamonaviy texnologiya asosida tayyorlanayotgan pishloqni qo‘shni davlatlarga eksport qilish taraddudini ko‘rmoqdamiz.
Tadbir ishtirokchilari “Pana-milk” korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.