O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Islom Karimov – ma’naviy jasorat sohibi
2017-11-16 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida “Islom Karimov – ma’naviy jasorat sohibi” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov yurtimiz tinchligi va farovonligi, Vatanimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk shaxs sifatida xalqimiz qalbida abadiy muhrlanib qolishi ta’kidlandi.
Islom Karimovning siyosiy va ruhiy jasorati bilan 1991-yilda dunyo xaritasida yangi suveren davlat – O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘ldi. Mamlakatimizni taraqqiy ettirishga qaratilgan islohotlar butun jahonda «o‘zbek modeli» degan nom bilan tan olindi. Xalqimiz o‘zining tarixan qisqa muddatda erishgan barcha yutuq va marralarini haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz nomi bilan bog‘laydi.
– Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimizni dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoriga ko‘tarish, dunyo davlatlari bilan ishonchli hamkorlikni o‘rnatish, xalqaro e’tirof etilgan tamoyil va normalarga amal qilishga a’lohida e’tibor qaratgan, – deydi Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti prorektori Dilshod Baratov. – Uning uzoqni ko‘zlagan siyosati natijasida O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatda o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lgan kuchli davlatga aylandi.
Tadbirda Islom Karimovning sermazmun hayoti va faoliyatiga doir ma’ruzalar tinglandi.