O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Islom–tinchlik va ezgulik dini

2017-11-16 | Jamiyat

Andijonda “Islom–tinchlik va ezgulik dini” mavzusida diniy soha xodimlarining respublika anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Andijon viloyati hokimligi va Toshkent islom universiteti hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatlardagi vakillari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalari diniy idoralari vakillari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, Qirg‘iziston Respublikasi musulmonlari idorasi raisi, muftiy M.Toktamushev, Qozog‘iston Respublikasi Janubiy Qozog‘iston viloyati bosh imom-xatibi K.Ahmadjon va boshqalar islom tinchlik, ezgulik va bag‘rikenglik dini, binobarin, uning sofligini saqlash muhim vazifa ekanini ta’kidladi. Islom har qanday buzg‘unchilik va fitnalardan xoli ekan, aksincha, bunday kuchlarga qarshi faqat ma’rifat bilan kurashish, musulmon olamida kechayotgan murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning asl mohiyatini anglatish, uning kelib chiqish sabablari va oqibatlari, diniy masalalarni hal etishda qo‘shni davlatlar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda muqaddas dinimiz sofligini saqlash, islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarning ilmiy merosini o‘rganish, qadamjolarini obod etish, yangi masjid-madrasalar barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Imom Eshon Muhammad”, Xorazmda “Oxun bobo”, Toshkentda “Imom Termiziy", “Suzuk ota” masjidlari bunyod etildi, Surxondaryodagi Imom Termiziy ziyoratgohi, Qashqadaryodagi Abu Mu’in Nasafiy majmuasida qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqandda “Hadis” va “Kalom” ilmiy maktablari tashkil etildi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotgani, ushbu markaz qoshida Islom akademiyasi ochilishi belgilangani ana shu yo‘nalishdagi ezgu ishlarga yorqin misoldir. 

Davlatimiz rahbari joriy yil 15-iyun kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini saqlash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda diniy soha vakillari oldida turgan muhim vazifalarni belgilab berdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida “Biz dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi” degan so‘zlaridan kelib chiqib, anjumanda diniy soha vakillari oldida turgan aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida dinimizning asl mohiyatini keng targ‘ib etish, ekstremizm va terrorizmga qarshi murosasiz kurashish, yurtimizga chetdan turli yot g‘oyalar kirib kelishining oldini olish borasidagi ishlar ko‘lami va sifatini yanada oshirish yuzasidan fikr almashildi. 

– Mamlakatimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishi, musulmonlarning o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni bekamu ko‘st ado etishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi N.Xoliqnazarov. – Bugungi kunda viloyatimizda 181 jome’ masjidi va Sayyid Muhyiddin Mahdum o‘rta maxsus islom bilim yurti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 23 nafar oliy, 158 nafar o‘rta maxsus diniy ma’lumotga ega malakali mutaxassislar mehnat qilmoqda. 

Anjumanda “O‘zbekistonning xalqaro maydonda diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish, unga qarshi kurashish borasida olib borayotgan siyosatining mazmun-mohiyati”, “Mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada barqarorlashtirishda diniy soha xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalar”, “Islom – tinchlik dini”, “Milliy tarbiyaning sharqona xususiyatlari”, “Diniy ta’lim tizimidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan fikr almashildi. Joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlarning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, diniy aqidaparastlik g‘oyalariga qarshi kurashish, bu boradagi targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
 
Anjuman ishtirokchilarining mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish, islom dinini qoralashga urinayotgan yovuz kuchlar, ularning qabih ishlari yuzasidan munosabati qabul qilindi. 

– Yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, farovon hayotga shukrona keltirishimiz kerak, – deydi Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Olmazor” jome’ masjidi imom-xatibi A.Toshmatov. – Mana shu tinchlik-osoyishtalikni ko‘rolmaydigan, unga raxna solishga urinadigan kuchlar borligini ham unutmasligimiz lozim. Ularga qarshi kurashishda diniy soha vakillari zimmasiga katta mas’uliyat va vazifalar yuklanadi. Bu borada biz yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, odamlarning ongu tafakkurida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni anglagan holda, keng xalq ommasiga tushuntirib berishimiz, ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir etadigan, mafkura, ma’naviyat va tarbiyamizni izdan chiqaradigan illatlarga qarshi qat’iy kurashishimiz zarur. 

Anjuman doirasida Andijon davlat universitetida “Ma’rifat va bag‘rikenglik – tinchlik va taraqqiyot garovidir” shiori ostida ekstremizm va terrorizmning ayanchli oqibatlari aks etgan fotosuratlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Diniy soha vakillarining talabalar bilan muloqoti o‘tkazildi. 

– Tadbirda islom dini, uning mazmun-mohiyati, diniy aqidaparastlik g‘oyalarining asl maqsadi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik, – deydi Andijon davlat universiteti talabasi G.Mo‘minjonova. – Bu, biz, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik, hamisha hushyor va ogoh bo‘lishga undaydi. 

Ishtirokchilar Andijon shahridagi “Devonaboy” masjidi, “Mirpo‘stin ota” ziyoratgohi, “Bog‘i Bobur” madaniyat va dam olish maskanida bo‘lib, amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari, ziyoratchilar va dam oluvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.

 

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA

Поделиться