O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Islohotlarning huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi

2017-11-16 | Jamiyat

Joriy yilning 15-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Jismoniy sog‘lom, ma’naviy va aqliy kamol topgan, mustaqil fikrlovchi, Vatanga sadoqatli, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, ularning demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonidagi ijtimoiy faolligini oshirish 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining vazifalaridan biri hisoblanadi. 

Deputatlar majlis davomida «Kelajak bunyodkori» medalini ta’sis etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. 

«Kelajak bunyodkori» medalining ta’sis etilishi muhimligi va zarurligini ta’kidlab, deputatlar qayd etdilarki, ushbu medal yoshlarning yuksak marralarga intilishlari uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. 

– Mamlakatimiz Prezidenti yoshlar masalalarini kun tartibiga qo‘yayotgani bejiz emas, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati Abdug‘affor Qirg‘izboyev.– Barchaga ma’lumki, bu yil davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida ta’kidlaganidek, bizning eng muhim yo‘nalishimiz – bu yoshlar. Ushbu masalani hal etsak – katta o‘zgarishlarga erishamiz. Yoshlar barcha sohalarda faol bo‘lib, yutuqlarga erishayotgani, o‘z faoliyatini takomillashtirishga intilayotgani endilikda yangilik emas. Medalning ta’sis etilishi istiqbolga bo‘lgan davlat e’tiborining yorqin misolidir. 

Ta’kidlandiki, «Kelajak bunyodkori» medali bilan xalq manfaatlari yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan, yuksak vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etib kelayotgan, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va shon-shuhratini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, o‘qishda va mehnat faoliyatida katta yutuqlarga erishgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan yoshlar mukofotlanadi. 

Bundan tashqari, ushbu medal bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar va qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladigan imtiyozlardan foydalanadilar. 

So‘ngra deputatlar «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Mazkur qonun loyihasining maqsadi davlat organlari va muassasalarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 

Ta’kidlab o‘tildiki, xorijiy tajribani o‘rganish ko‘pgina chet mamlakatlarda fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish sohasidagi faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Jamoatchilik nazorati asosan davlat organlarining ochiqligi va shaffofligi nuqtai nazaridan amalga oshiriladi. 

Shu bilan birga ishtirokchilar bugungi kunda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining Internet-muhokamasi amaliyoti qo‘llanilayotganligini, jamoatchilik muhokamasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ham o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tartibot o‘rnatilayotganini qayd etib o‘tdilar. Mazkur loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun parlament quyi palatasining veb-saytida, shuningdek mt.uz, strategy.uz va boshqa NNTlarning veb-saytlarida joylashtirilgan. 

Ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilganidan keyin uni joylarda muhokama qilish bo‘yicha 30 dan ortiq tadbir o‘tkazilganligini ta’kidlab o‘tish muhimdir. Shuningdek, tele va radio kanallarda ko‘rsatuvlar va eshittirishlar, tok-shoular tashkil etildi. 

Deputatlar bahs va munozaralardan so‘ng «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildilar. Bolalarini tarbiyalash bo‘yicha o‘z burchini bajarmayotgan ota-onalarni javobgarlikka tortish yuzasidan amaldagi belgilab qo‘yilgan normalarga qaramay, ushbu sohadagi qonun hujjatlarining bajarilmasligi hollari o‘sayotganligi kuzatilmoqda. Jumladan, 2014-2016-yillarda voyaga yetmagan bolalarini tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha ota-onalik burchlarini bajarmaganligi uchun salkam 50 ming nafar ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, aynan shu davrda salkam 33 ming nafar voyaga yetmagan yoshlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan, salkam 7 ming nafar o‘smir jinoyat sodir etgan. 

Parlament quyi palatasi deputati Odinaxon Jamoldinovaning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yilning o‘tgan davrida tekshirish jarayonida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning o‘quvchilari 174 mingdan ortiq holatlarda mashg‘ulotlarga kelmaganligi aniqlangan. Ushbu ko‘rsatkich 2016-yilda deyarli 80 mingtani tashkil etgan edi. 

Ta’kidlandiki, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlashga, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan farzandlarini tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganlik uchun mas’uliyatni oshirishga xizmat qiladi. 

Majlisda muhokamalar va bahs-munozaralar jarayonida deputatlar birlashmalari tomonidan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qonun loyihalari yuzasidan takliflar va bir qator tavsiyalar bildirildi. 

Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi boshqa qonun loyihalari ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Поделиться