O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiyda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 57 kishiga fuqarolik pasporti topshirildi
2017-11-15 | Jamiyat
Konstitutsiyamizning 21- va 22-moddalarida O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatilishi, fuqarolikka ega bo‘lish va uni yo‘qotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilangani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashi belgilangan.
Zero, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va erishilayotgan yutuqlarda fidokorona xizmat qilayotgan har bir fuqaroning alohida o‘rni bor. Ayniqsa, shu yurtda yashab, Vatan ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan, taqdir taqozosi bilan fuqarolikka ega bo‘lmagan yurtdoshlarimizga katta ishonch bilan fuqarolik pasporti berilayotgani ularda bugunidan shukronalik va ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
– Millatim turk. Xatirchi tumanida tug‘ilganman, shu yerda istiqomat qilaman, – deydi Xolmurod Satayev. – 1990 yil ma’lum sabablarga ko‘ra, Turkiya davlatiga borib, 4 yil u yerda yashadim. Keyin Vatanimga – O‘zbekistonga qaytdim. Shu yillar davomida fuqarolik pasportiga ega emasligim ko‘nglimda armon bo‘lib kelayotgan edi. Mana, bugun 23 yillik orzuim ushaldi. Buning uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.