O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sud ekspertizani takomillashtirish yo‘llari: xorijiy tajriba
2017-11-15 | Jamiyat
Poytaxtimizda ana shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va Adliya vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada AQSh, Gruziya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston singari mamlakatlar hamda yurtimizdagi sud-huquq, sud ekspertiza sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari A.Hojiboyev, adliya vaziri o‘rinbosari M.Istamov va boshqalar sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jamiyatda tinchlik va osudalikni, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud ekspertizani takomillashtirish bu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridandir.
Ilk marotaba o‘tkazilayotgan mazkur anjuman huquq-tartibot organlari bilan sud ekspertlarining o‘zaro hamkorligi orqali idoralararo muammolarni birgalikda ko‘rib chiqish, sud ekspertizasi xizmatini yanada takomillashtirish, sohadagi ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish, o‘zaro tajriba almashishga yordam beradi.
Anjumanda maxsus ekspertiza va texnik vositalardan sud tibbiyoti va kriminalistika sohasida foydalanish, jahonda va mamlakatimizda erishilgan zamonaviy yutuqlar hamda imkoniyatlar tahlil etildi. Shuningdek, butun dunyo bo‘yicha dolzarb muammolardan biri bo‘lgan giyohvand va psixotrop moddalar, sud kriminalistikada shaxs identifikatsiyasi, bahsli otalik va onalikka oid genno-molekulyar – DNK diagnostikasi, sud toksikologiya va analitik kimyo sohasidagi yutuqlar, hamda sud ekspertizaga oid boshqa dolzarb masalalar yuzasidan yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalari tinglanadi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymanova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligining Sud-tibbiy ekspertiza bosh byurosi va Ichki ishlar vazirligining Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlari haqida ma’lumot berildi.
– Sud ekspertiza sohasini faqat bir mamlakat doirasida rivojlantirib bo‘lmaydi, – deydi Xalqaro narkotiklar va huquq muhofazasi bo‘yicha loyiha rahbari Jeyms Kellaxan (AQSh). – Bunda turli davlatlarning sud ekspertizasi sohasi mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda sud-huquq, ayniqsa, sud tibbiyoti ekspertizasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligiga guvoh bo‘ldik. Mazkur xalqaro anjuman ham turli mamlakatlarning sud ekspertiza sohasi mutaxassislari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, dunyodagi yetakchi sud ekspertiza muassasalari faoliyati bilan tanishish, tajriba almashish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.