O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Texnika – fermerning qanoti

2015-04-07 | Iqtisodiyot

Toshkent viloyati Oqqo'rg'on tumani fermerlari joriy yilda 14 ming 100 gektar maydonda paxtaning «S 65-24», «An-Boyovut», «Namangan-77», «Sulton» kabi mahalliy iqlimga mos, ertapishar, serhosil navlarini yetishtirib, mo'l hosil olishni maqsad qilgan.

«Ravshan Asr» fermer xo'jaligining umumiy ekin maydoni nisbatan chog'roq – 43 gektar bo'lishiga qaramay, har yili davlatga paxta va g'alla sotish majburiyatini hududda birinchilardan bo'lib, ortig'i bilan ado etadi. Xo'jalik a'zolari joriy yilda ham ushbu an'anaga sodiq qolib, 18 gektar maydonda bug'doyni benuqson undirdi. Bundan ruhlangan xo'jalik a'zolari paxtachilikka ham e'tibor qaratmoqda. Xususan, chigit ekiladigan 25 gektar maydonda zarur agrotexnik tadbirlar o'z vaqtida uyushqoqlik bilan bajarildi. Eng muhimi, tuproqning namlik holati saqlab qolindi.

– Texnika – fermerning qanoti, deb bejiz aytishmas ekan, – deydi xo'jalik rahbari Rustam Abdullayev. – Yerga qisqa fursatda urug' tashlash mo'l hosil yetishtirishning muhim omili hisoblanadi. Mazkur jarayon uchun zarur texnikalarning to'kisligi yanada katta ahamiyatga ega. Bulturgi daromadimiz hamda tijorat bankining imtiyozli krediti evaziga haydov traktori va chigit ekadigan zamonaviy seyalka xarid qilgandik. Natijada urug' qadash ishlarini bir kunda bitirdik. Nasib qilsa, bu yil ham paxta va g'allamiz mo'l, yuzimiz yorug' bo'ladi.

Toshkent viloyati qishloq va suv xo'jaligi boshqarmasidan olingan ma'lumotlarga ko'ra, joriy yilda viloyatda 91 ming 500 gektar maydonga chigit ekiladi. Fermerlar uchun dalani ekishga tayyorlash, tuproq namligini saqlash, maydonni tekislash va chigitni ekish agrotexnikasiga doir tavsiyalar berish maqsadida paxta yetishtirishga ixtisoslashgan 8 tumanda bahorgi agrotexnik tadbirlarni samarali o'tkazish hamda chigit ekish masalasiga bag'ishlab qator ko'rgazmali seminarlar tashkil etildi.

– Dalaga chigit ekish ishlarini 12 kun ichida nihoyasiga yetkazish ko'zda tutilgan. Buning uchun barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat qishloq va suv xo'jaligi boshqarmasi mas'ul xodimi Sarvar Islomov. – Jumladan, bir yuz ellikka yaqin ekish otryadi shakllantirilib, mexanizatorlarga barcha zarur sharoit yaratildi. Ekish uchun ajratilgan 716 texnika va 250 seyalkaga tegishli xizmatlar ko'rsatish, ularni yonilg'i-moylash materiallari bilan ta'minlash, saralangan chigitni turli kasallik va zararkunandalarga qarshi ishlov bergan holda dalaga o'z vaqtida yetkazib berishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Поделиться