O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iste’molchilar huquqlari himoyasi yo‘lida hamkorlik
2017-11-15 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, aholining turli qatlamlari huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat tuzilmalari bilan munosabatlarini takomillashtirish, ularning hamkorligini yanada mustahkamlash bilan bog‘liq qator huquqiy me’yorlar ko‘rsatib o‘tilgan.
Yaqinda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlik memorandumlarini imzolagani ham bu boradagi sa’y-harakatlarda muhim omil bo‘layotir.
Mazkur kengashda bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Javlonov, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov va boshqalar mamlakatimizda mahalla institutini yanada takomillashtirishga qaratilayotgan e’tibor zamirida aholi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda aholiga xizmat ko‘rsatishning yangi bosqichiga o‘tishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilayotgan chora-tadbirlar mujassam ekanini ta’kidladi.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 7 oktabrdagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Jamoatchilik nazorati va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissiyaning namunaviy nizomi tasdiqlangan, – deydi O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyati hududiy birlashmasi raisi Tojiddin Eshmirzaev. – Unga ko‘ra, komissiyaning asosiy maqsadi sifatida fuqarolar yig‘ini hududida qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, iste’molchilar huquqlari va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash uchun keng jamoatchilikni jalb etish, aholining huquqiy va iste’mol madaniyatini oshirishga doir ishlarni faollashtirishga ko‘maklashishdan iboratdir.
Ta’kidlash kerakki, mazkur jarayonda mahallalar qoshidagi Jamoatchilik nazorati va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissiyalarning hamda ularga uslubiy-amaliy jihatdan ko‘maklashib kelayotgan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarning ham munosib o‘rni bor. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari hamda tuman (shahar) jamiyatlariga iste’molchilardan 8 ming 200 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning qariyb 90 foizi ijobiy hal etildi.
Yakunda ikki tomon o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.