O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Mudofaa vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi
2017-11-15 | Jamiyat
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashida o‘tgan tadbirda harbiy xizmatchilar, iqtidorli yoshlar, "Temurbeklar maktabi" o‘quvchilari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri A.Azizov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlod manfaatlarini himoya qilish, yoshlarni harbiy vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarning mamlakatni demokratlashtirish va yangilash jarayonlaridagi ishtirokini ta’minlash, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5 iyuldagi "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmoni yosh avlod manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnat va turmush sharoitlarini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Mazkur memorandum Mudofaa vazirligining harbiy qism va muassasalarida Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tuzilmalarini tuzish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish, harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yosh harbiy xizmatchilarning, jumladan, chaqiruvga qadar yoshlarning turli mafkuraviy tahdidlarga, xususan, ekstremizm, terrorizm, «ommaviy madaniyat» va boshqa yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetini shakllantirish kabi maqsadlarga xizmat qiladi.
Memorandum asosida hamkorlikdagi tuzilgan rejaga muvofiq tizimli tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Jumladan, hududlarda «Jasorat» klublari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, «Yoshlar poyezdi» targ‘ibot aksiyasida harbiy xizmatchilarning ishtirokini ta’minlash, armiya maktabini o‘tagan yoshlar bilan uzluksiz aloqani yo‘lga qo‘yish, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan yigitlarni ishga joylashtirish va bandligini ta’minlash kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Marosimda hamkorlik doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan aniq vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyidagi eksponatlar namoyish etildi. Qurolli Quchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalarining kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.