O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tijorat banklarining litsenziyalari qayta rasmiylashtirib berildi
2017-11-15 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi “Zargarlik sanoatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2017-yil 2-sentyabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasiga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvining tegishli qarorlari bilan mamlakatimizdagi barcha tijorat banklarining chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalarining amal qilishi tugatildi va bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalari qayta rasmiylashtirib berildi.
Bizning ma’lumot: Bundan oldin Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga “Tijorat banklariga chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun litsenziyalar berish qoidalari”ga muvofiq Bosh litsenziya, “Banklarni ro‘yxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan milliy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar berilar edi.
“Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon talablariga muvofiq tijorat banklariga xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha litsenziya berish amaliyoti bekor qilindi. Tijorat banklarining xorijiy valyuta bilan operatsiyalari bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida amalga oshirilishi belgilandi.