O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘tmishsiz kelajak, hamkorliksiz taraqqiyot bo‘lmaydi
2017-11-15 | Jamiyat
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda “O‘zbekiston-Eron” do‘stlik jamiyati hamkorligida ana shu mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Z.Nizomxo‘jayev, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rektori M.Rasulov va boshqalar mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni rivojlantirish, xalqimiz orasida diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini, turli millat va elatlar o‘rtasida hamjihatlik, o‘zaro hurmat va birodarlik xislatlarini mustahkamlash, navqiron avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 19-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va BMT Bosh Assambleyasining "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolutsiyasini qabul qilish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirdi.
– Mamlakatimizda xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va madaniy-ma’rifiy aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari K.Eshonxo‘jaev. – Yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va din vakillarining e’tiqod qilishi, tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, milliy an’ana va urf-odatlarini saqlash hamda har tomonlama rivojlantirish maqsadida 134 milliy madaniy markaz va 34 do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tadbirda yoshlarni millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash borasida ma’ruzalar tinglandi.