O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston delegatsiyasining Madrid shahridagi uchrashuvlari
2017-11-14 | Siyosat
2017-yilning 13-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Madrid shahrida Ispaniya Qirolligi Savdo bo‘yicha davlat kotibi Mariya Luisa Ponsela bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida hamkorlikni, avvalo savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Suhbatda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston va Ispaniya investitsion aloqalarni kengaytirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va nomenklaturasi ko‘paytirish uchun yetarlicha imkoniyatlarga ega bo‘lib, 2017-yilning yanvar-iyul oylarida bu ko‘rsatgich 71,5 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.
Uchrashuv va shu kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Ispaniya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi biznes-forumda iqtisodiyotning turli sohalarida birgalikdagi va o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni amalga oshirishning istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Ispaniya Qirolligi Hukumati o‘rtasida iqtisodiyot va sanoat sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Ispaniya Savdo palatasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.