O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Huquqiy ta’lim: xalqaro standartlar va milliy amaliyot
2017-11-14 | Jamiyat
Namanganda "Inson huquqlari sohasida ta’lim olish huquqi: xalqaro standartlar va milliy amaliyot" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan davlat idoralari, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, jurnalistlar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashlari a’zolari ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqiy targ‘ibotni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, axborotdan keng foydalanishni ta’minlash, qonun hujjatlari mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida ijrochilar va aholini keng xabardor qilish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2017-yil 8-fevraldagi “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish ko‘p jihatdan huquqiy ta’limning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga bog‘liq, – deydi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov. – Istiqlol yillarida mamlakatimiz inson huquqlarini himoya qilishga xizmat qiluvchi 80 dan ortiq xalqaro shartnomalarni imzoladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega ekani, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun olida tengligi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997 yil 29 avgustdagi “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida bugungi kunda ta’lim muassasalarida yosh avlodga zarur huquqiy saboq berilmoqda, o‘quvchilarning huquqiy bilimini mustahkamlash maqsadida tadbirlar, turli ko‘rik-tanlov va fan olimpiadalari o‘tkazilmoqda.
Davra suhbatining dastlabki kunida mavzuga doir ma’ruzalar tinglanib, videoroliklar namoyish etildi. Xususan, inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning O‘zbekiston Respublikasi tomonidan bajarilishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’limni yo‘lga qo‘yishda Fransiya tajribasi, YeXHT faoliyatida inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligini rag‘batlantirish, inson huquqlari sohasida milliy ta’lim tizimi shakllanishining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, jinoyatchilikning oldini olishda inson huquqlari sohasidagi ta’limning roli, inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha prokuratura organlari faoliyati va vazifalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirishda namunali ish olib borayotgan Namangan shahar ichki ishlar boshqarmasining 53-tayanch punkti faoliyati bilan tanishdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.