O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Atrof-muhit muhofazasi qonun himoyasida
2017-11-14 | Ekologiya
“Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona
munosabatda bo‘lishga majburdirlar”.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 50-modda.
O‘zbekiston ekologik harakati Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamkorligida «Atrof tabiiy muhit muhofazasi masalalarida qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati» mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, tabiatni asrash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish borasida samarali ishlar qilinayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 21-apreldagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Davra suhbatida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlari yuzasidan yoshlarga ma’lumot berildi. Shuningdek, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, Ekoharakat va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining tajribasi kabi masalalar ham muhokama qilindi.