O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi” davlat unitar korxonasida tizimli ishlar amalga oshirildi
2017-11-14 | Jamiyat
Prezident tashrifidan so‘ng...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 3-fevral kuni Yakkasaroy tumanining sobiq to‘qimachilik kombinati hududida tashkil etilgan “Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi” davlat unitar korxonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishib, kichik biznes vakillariga keng imtiyozlar yaratish, korxonalarning xorijiy hamkorlar topishiga ko‘maklashish, ularning chet el bozorlariga chiqishi va mahsulotlari eksportini kengaytirishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlagan edi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi poytaxtimizda ham sanoatni jadal rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishida ham erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha ulkan maqsad va vazifalar belgilangan.
Davlatimiz rahbarining tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari va belgilangan vazifalar asosida o‘tgan qisqa vaqt ichida “Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi” davlat unitar korxonasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
2014-yilda mazkur sanoat zonasi tarkibida 10-15 korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunda 304 tadbirkorlik subyekti bilan 10 yil muddatga ijara shartnomalari rasmiylashtirilgan, shundan, 255 korxona ajratilgan maydonda ta’mirlash ishlarini yakunlab, faoliyatini boshlab yuborgan.
– Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida hududda bank shoxobchasi, notarial idora, temir yo‘l liniyasi xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi DUK rahbari Rustam Nuraliyev. – Mazkur korxonalarda 7 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Mahsulotlarni mahalliylashtirishga keng yo‘l ochish, ularga kredit va soliq borasida imtiyozlar yaratish, tadbirkorlarga xorijdan xomashyoni keltirish va yurtimizda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Zhong Cheng Ceramics” qo‘shma korxonasi import o‘rnini bosuvchi chinni idishlarni ishlab chiqaradi. Korxona mahsulotlari bilan ichki bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurdi. Investitsiya loyihasi doirasida korxona zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Bu yerda mehnat qilayotgan 40 xodimning asosiy qismi yoshlardan iborat. Kelgusida mahsulotlar eksportini yanada oshirish, ishlab chiqarish hajmini va ish o‘rinlarini ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda.
Kiyim-kechak, sport kiyimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Pronto Textile Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mahsulotlari Italiya va Rossiyaga eksport qilinmoqda. Yaponiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy dastgohlar va uskunalar bilan jihozlangan korxonada 250 kishi mehnat qiladi. Ularning ko‘pchiligi ayollar va kollej bitiruvchilaridir.
– O‘zbekiston paxtasi sifat jihatdan dunyoda yetakchilardan, – deydi korxona ta’sischisi Yusuf Dursun (Turkiya). – Shu bois, ushbu xomashyodan tayyorlangan mahsulotlarning jahon bozorida xaridori ko‘p. Keyingi yillarda mamlakatingizda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan keng imkoniyat, qulay sharoit ko‘plab xorijiy investorlarni o‘ziga jalb etmoqda.
“Baby Toys Garden” korxonasida yuz foiz mahalliy xomashyodan ishlab chiqariladigan 70 ga yaqin turdagi bolalar plastmassa o‘yinchoqlari xavfsizligi, yuqori sifati va narxi arzonligi bilan iste’molchilar e’tiborini tortgan.
– Hozirgi kunda investitsiya loyihasi doirasida yangi uskunalar xarid qildik, ish o‘rinlarini ko‘paytirdik, – deydi korxona rahbarining muovini Saidazim Oqilov. – Mahsulotlarimizni nafaqat ichki bozorga, balki qo‘shni davlatlarga ham chiqaryapmiz. Kelgusi yil boshidan milliy qo‘g‘irchoqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
– Kollejda o‘qib yurganimda ushbu korxonaga amaliyot o‘tash uchun kelgandim, – deydi Nodira G‘afforova. – O‘qishimni bitirganimdan so‘ng, shu yerga ishga olishdi. O‘yinchoqlar bolalar uchun quvonch ulashadi. Ana shu ishga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Mehnatingning natijasini ko‘rishdan va bundan yaqinlaringni xursand qilishdan ortiq baxt yo‘q.
“Ideal Inter Viznes” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan polipropilen issiq va sovuq suv, kanalizatsiya quvurlari, fitinglar sifati va narxi jihatdan Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Rossiya bozorlarida ham o‘z o‘rniga ega.
– Prezidentimiz tashrifi chog‘ida faoliyatimizni kengaytirish borasida amaliy yordam so‘rab murojaat qildik, – deydi MCHJ bosh direktori Shavkat Usmonov. – Korxonamizga kredit ajratilgani yangi uskunalar keltirish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini bermoqda. Kelgusida “Angren” erkin iqtisodiy zonasidan berilgan 4 gektar yer maydonida ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.
Har bir hududning iqtisodiy taraqqiyoti, salohiyati uning tadbirkorlik va ishlab chiqarishga yaratilgan keng imkoniyatlari bilan belgilanadi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘sha hududning ijtimoiy rivojiga, aholi farovonligiga, qator sohalardagi muammolarning yechimiga xizmat qiladi. Yakkasaroy kichik sanoat zonasi faoliyati misolida bunga yana bir marta amin bo‘lasiz.