O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Foydali qazilmalar xalqimiz manfaatlariga xizmat qilsin

2017-11-14 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-noyabr kuni geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, mineral-xomashyo va qimmatbaho metallar resurs bazasi hamda ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha muhim strategik loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi faoliyati samaradorligiga alohida e’tibor qaratib, sohada ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi fabrikalar qurish bo‘yicha vazifalar belgilab bergan edi. 

Shunga muvofiq, yer qa’rini kompleks geologik o‘rganish hamda uzoq istiqbolga mo‘ljallangan mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish ishlari yangi bosqichga chiqdi. Joriy yilning o‘zida Prezidentning sohaga oid besh qarori va Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari qabul qilindi. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 24-maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida yagona geologiya xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq sohada yangi tizim yaratildi. 

Yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, konchilik munosabatlarini boshqarish, mineral-xomashyo bazasini jadal rivojlantirish va qayta to‘ldirilishini ta’minlash, xomashyoning yangi turlari va konlarini qidirish, geologiya-qidiruv ishlariga zamonaviy uslub va yuqori texnologiyalarni joriy qilish, kadrlar malakasini oshirish Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining asosiy vazifalari etib belgilandi. 

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining «Qimmatbaho metallar va uran geologiyasi» ilmiy-ishlab chiqarish markazi hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining «Rangli metallar geologiyasi» ilmiy-ishlab chiqarish markazi qo‘mita tarkibiga o‘tkazildi. Bugungi kunda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tarkibida 32 tashkilot 4 yo‘nalish bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. 

Qo‘mitaning vazifa va vakolatlari kengaydi, yangi konlar topish va zaxiralarni ko‘paytirishga qaratilgan salohiyati oshdi. Geologik o‘rganilayotgan foydali qazilma turlarining soni 12 dan 35 ga yetdi. 

Geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish maqsadida soha izchil modernizatsiya qilinmoqda. Laboratoriya-tahlil uskunalari yangilanmoqda. Masalan, ilgari ruda tarkibidagi 32 element aniqlangan bo‘lsa, yangi zamonaviy texnologiyalar samarasida bugungi kunda 74 foydali modda aniqlanmoqda. 

Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida geologiya-qidiruv jarayoniga 2018 yildan aerogeofizik usul va uskunalarni joriy qilish rejalashtirilgan. Bu istiqbolli geologik resurslarni yuqori aniqlikda belgilash imkonini beradi. 

Biroq hali soha oldida qator dolzarb masalalar mavjud. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi yer qa’rini geologik o‘rganish, foydalanish, muhofaza qilish va boshqarishga mas’ul organ etib belgilanganiga qaramasdan, uning faoliyati geologiya-qidiruv ishlarini bajarish bilan chegaralanib qolmoqda. 

Yig‘ilishda geologiya sohasining bugungi holati tanqidiy tahlil qilindi. Yer qa’ridan oqilona foydalanish, muhofaza qilish va konchilikni boshqarishda aniq mexanizm mavjud emasligi, bu sohaga yetarlicha e’tibor berilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Bu sohada ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining butunlay yangi tuzilmasi va yo‘nalishlarini ishlab chiqish, salohiyatini oshirish zarurligi ta’kidlandi. 

2017-2021-yillarga mo‘ljallangan mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturi doirasida geologiya-qidiruv ishlari jadval asosida amalga oshirilmoqda. Joriy yilda Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan 13 kon bo‘yicha zaxiralar tasdiqlanib, sanoatda o‘zlashtirishga tayyorlandi. Yil oxirigacha yana 13 kon bo‘yicha zaxiralar tasdiqlanishi rejalashtirilgan. 

Prezidentimiz tog‘-kon sanoatining uzoq muddatli istiqbollariga, sohaning hududlarda sanoatni rivojlantirishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. Tarmoqqa chet el investitsiyalarini faol jalb etish, foydali qazilmalarni o‘zlashtirish va qayta ishlash hajmini oshirish, yangi korxonalar tashkil etish va ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Mutasaddi vazirlik va tashkilotlarga mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish dasturini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish topshirildi. 

Yig‘ilishda sohadagi yirik muassasalar – Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar ijrosiga ham e’tibor qaratildi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan dasturga muvofiq 2017-2026-yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 loyihani amalga oshirish belgilangan. Qiymati 3 milliard 63 million dollar bo‘lgan mazkur loyihalar natijasida 2026-yilga borib ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi. Qo‘shimcha 31 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

Ushbu muhim loyihalarni ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash zarurligi qayd etildi. 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan umumiy qiymati 2 milliard 720 million dollardan oshiq 18 investitsiya loyihasi amalga oshirilmokda. “Yoshlik-1” va “Yoshlik-2” konlarini o‘zlashtirish, “Samarcho‘qi” yer osti konini qurish va Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida sement zavodi barpo etish ular orasida eng muhimlaridir. 

Yig‘ilishda “Yoshlik-1” va “Yoshlik-2” konlarini o‘zlashtirishni yanada tezlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga tashriflari chog‘ida geologiya sohasiga doir saksonga yaqin vazifalar belgilagan. Jumladan, yer osti suvlari zaxiralarini keskin ko‘paytirish va aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, Angren va Olmaliq hududlarida foydali qazilma bazasini kengaytirish va konlarni sanoatda o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. 

Mutasaddilarning bu boradagi hisobotlari eshitildi. 

Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Sohani zamonaviy mutaxassislar bilan ta’minlash uchun Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzurida ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi tashkil etish, unda ilmiy izlanishlarga katta ahamiyat qaratish, ishlab chiqarish korxonalari va ta’lim tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda geologiya-qidiruv ishlarini ilg‘or texnologiyalar asosida tashkil etish, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish, sohaning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini yanada oshirish masalalari tahlil qilindi. Vazirlik, qo‘mita va kombinatlar oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Поделиться