O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda investitsiya muhitini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ko‘rilmoqda
2017-11-09 | Siyosat
2017-yilning 8-noyabrida Toshkentda investitsion muhitni yaxshilash, erishilgan natijalarni o‘rganish va ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Investitsion jarayon ishtirokchilarini birlashtirgan mazkur tadbir, davlat va xalqaro tashkilot mutaxassislari, shuningdek eng yirik xorijiy va mahalliy korxona vakillari o‘rtasida mamlakatimizdagi investorlarning manfaatlarini ko‘zlovchi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun ochiq maydonchaga aylandi. Forum O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekiston Respublikasida investitsion muhitni yaxshilash” loyihasi va YETTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Xalqaro Press Klub axborot ko‘magida tashkil etildi.
Iqtisodiy liberallashtirish jarayonlarida mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasining muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar 2011-2016-yillarda kuzatilgan xorijiy investitsiyalar oqimining 3,3 mlrd. AQSH dollaridan 1,9 mlrd. AQSH dollarigacha pasayish tendensiyasini o‘zgartirish imkonini berdi.
Davra suhbati ishtirokchilarining ta’kidlashicha, investitsion salohiyatning o‘sishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar sohaga oid milliy qonunchilikning mukammal emasligi, xususan, qonunchilik me’yorlarining investitsiya sohalari bo‘ylab nomunosib tarqalganligi, qonunosti xujjatlarining qonunlarga zidligi bilan izohlanadi, bu esa investitsiyalarga doir qonun hujjatlari samaradorligining pasayib ketishiga ta’sir etibgina qolmay, balki iqtisodiyot rivoji va mamlakat nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ushbu muammolarni hal etish uchun mamlakat rahbariyati investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ma’muriy-huquqiy va sud tomonidan himoya qilishning samarali mexanizmlarini nazarda tutuvchi investitsiyalar bo‘yicha yangi qonunlarini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasini qo‘ydi. Investitsion bozorda sog‘lom raqobatni rivojlantirishni rag‘batlantirish, shuningdek huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish va investitsiyalar sohasida qonunchilikni kodifikatsiya qilish masalalariga qaratilgan qonunlar ham shular jumlasidandir. Muhimi mazkur amallar investitsiyaviy muhit va mamlakat iqtisodiyotining umumiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi lozim.
Shu munosabat bilan Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan Oliy Majlis Senati va BMT Taraqqiyot Dasturining ekspertlari ko‘magida Investitsiya kodeksini ishlab chiqishda faoliyat ko‘rsatadigan idoralararo ishchi guruh tuzildi.
Bahs-muzokaralar davomida davlat hokimiyati organlari, biznes vakillari, mamlakatimiz va xorij ekspertlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya kodeksi loyihasining taqdim etilgan konsepsiyasini muhokama qildilar, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, shuningdek investitsiya to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish va investitsiya bozorida raqobat rivojlanishini rag‘batlantirish masalalari yuzasidan aniq takliflar va tavsiyalar berdilar.
Davra suhbati ishtirokchilarining fikricha, kodeks qo‘shimcha kafolatlangan imkoniyatlar yaratishga, investitsiyalar hajmini oshirishga va mamlakatdagi biznes muhitini yaxshilashga ko‘maklashadi. Investitsiya kodeksi loyihasining konsepsiyasi keng muhokama qilish uchun www.regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha davra suhbati ishtirokchilari tomonidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati