O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston ilm-fani tamaddunida yangi islohotlar davri
2017-11-10 | Fan
Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida mamlakatimiz ilm-fani rivoji yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlar, tashabbuslar, xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 1-noyabrdagi “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar muhokama etildi.
Davlatimiz rahbarining akademiklar va ilm-fan ziyolilari bilan 2016-yil dekabr oyida o‘tkazgan uchrashuvi, joriy yil 17-fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek, maktabgacha, maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim, akademik ilmni rivojlantirishga doir qabul qilingan qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar soha rivojida yangi davrni boshlab berdi.
Xalqaro press-klub muhokamasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Ibrohim Abdurahmonov, Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori Mahmudjon Boltaboyev, Intellektual mulk agentligi bosh direktori Alisher Fayzullayev, olimlar, yosh tadqiqotchilar ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash, innovatsion faoliyatni rivojlantirish sohaning yangi bosqichga chiqishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘zbekistonda davlat ilmiy-texnika dasturlarining ijrochi tashkilotlari hisoblangan 93 ilmiy-ta’lim, 73 oliy ta’lim, 63 konstruktorlik, jami 230 ga yaqin ilmiy-ta’lim muassasasi mavjud. Ularda 11 mingdan ortiq fan doktorlari, ilmiy va boshqa xodimlar fan taraqqiyoti yo‘lida xizmat qiladi. Joriy yil davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 400 dan ziyod fundamental, mingga yaqin amaliy, 370 innovatsion ilmiy-tadqiqot loyihasi bajarilmoqda. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimida 1 ming 400 dan ziyod doktorantlar ilmiy ish bilan mashg‘ul. 2017-yilda Fanlar akademiyasining ilmiy hajmdor mahsulotlar eksporti hajmi 3 million 200 mingdan ko‘proq AQSh dollarini tashkil etdi.
Mutaxassislar erishilgan natijalar ko‘rsatkichi ijobiy ekanini ta’kidlab, o‘z navbatida, mamlakatimiz ilm-fani sohasida yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud ekanini ta’kidladi.
Ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-texnik salohiyati, kadrlar bilan ta’minlanganligi, moddiy-texnik, laboratoriya va tajriba bazasining hozirgi holati mamlakatimizning yuqori sur’atlardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga javob bermaydi. Vatanimiz ilm-fani raqobatbardoshligini oshirish va uni dunyoning eng rivojlangan davlatlari ilm-fani darajasiga mosligini ta’minlash masalalari dolzarbligacha qolmoqda. Ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini moliyalashtirish tizimida hal qilinishi lozim bo‘lgan ayrim muammolar yechimini kutmoqda.
Anjumanda ilm-fan ziyolilari Prezidentimizning “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga, kelgusida ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini yanada orttirishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatli ekanini qayd etdi.
Bu jihatlar mazkur qaror bilan fan va innovatsiya sohasida 2017-2021-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangani, ilmiy-tadqiqot muassasalarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, zarur materiallar va butlovchi qismlar bilan ta’minlash uchun yetarlicha mablag‘ ajratilganida ko‘zga tashlanadi.
Shuningdek, innovatsion faoliyatni yanada kengaytirish, olimlar va ixtirochilarning intellektual mehnatlari samarasidan foydalanish, rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish, intellektual mulk obyektlariga mualliflik qilishning ta’sirchan tizimini yaratish, yil oxiriga qadar Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga tanlov o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot muassasalari injener-texnik va yordamchi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish kabi qator muhim vazifalar belgilab berilgan.
Xalqaro press-klub anjumanida jurnalistlarning mavzuga doir savollariga javob qaytarildi. Ta’kidlandiki, yurtimiz azaldan ilm-fan, ma’rifat markazi bo‘lgan. Dunyoga mashhur Ma’mun akademiyasi, o‘rta asrlarda Sharq sivilizatsiyasi asoschilari – buyuk allomalarimizning shuhrati bunga yorqin dalil. Bugun bu qutlug‘ an’ana bardavom. Sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor ajdodlarimizga munosib bo‘lish, O‘zbekiston ilm-fani salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.