O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O‘zbekiston–Sankt-Peterburg–hamkorlikning yangi ufqlari” mavzuida biznes forumi tashkil etildi
2017-11-10 | Iqtisodiyot
Xalqaro hamkorlik markazida 9-noyabr kuni Sankt-Peterburg shahri gubernatori Georgiy Poltavchenko boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi doirasida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari N.Otajonov, Sankt-Peterburg shahri gubernatori G.Poltavchenko va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi hududlari va Rossiya Federatsiyasi subyektlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar, xususan, aprel oyida imzolangan ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Mamlakatimiz hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning yo‘lga qo‘yilayotgani iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini bermoqda.
Rossiya O‘zbekistonning muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan. Davlatlarimiz o‘rtasidagi faol aloqalar Strategik sheriklik to‘g‘risidagi hamda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar va boshqa qator hujjatlar asosida yangi bosqichga ko‘tarildi. Keyingi oylarda hukumatlararo va hududlararo darajadagi tashriflarning faollashgani samarasida savdo aylanmasi bo‘yicha izchil o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri bilan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida o‘zaro savdo aylanmasi 120 million AQSh dollardan oshgani ham buni ko‘rsatib turibdi.
Tadbirda Sankt-Peterburg shahrining ellikka yaqin kompaniyasi vakillari qatnashdi. Rossiyalik ishbilarmonlarga yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizatsiya qilishga xizmat qilayotgan islohotlar jarayoni haqida ma’lumot berildi. Anjumanda sanoat zonalari imkoniyatlari, yangi yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga oid masalalar muhokama qilindi.
– O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar vitaminlarga boyligi, mazasi va sifati bilan dunyo bozorida alohida e’tirof etiladi, – deydi “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi boshqarma boshlig‘i B.Yunusov. – Chunonchi, Rossiyada ham serquyosh o‘lkamizning ekologik toza, sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga talab yuqori. Bugungi forum doirasida rossiyalik delegatlar tarkibida oziq-ovqat sanoatiga ixtisoslashgan ko‘plab tashkilotlar vakillari ishtirok etgani mazkur sohadagi hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda kengaytirish imkonini berdi. Jumladan, Sankt-Peterburg hukumatining Ijtimoiy ovqatlanish boshqarmasi bilan qiymati 2 million dollar miqdoridagi kelishuvga erishdik. O‘tgan yillar davomida eksportda ho‘l meva-sabzavotlar yetakchilik qilgan bo‘lsa, endilikda quritilgan va qadoqlangan meva, poliz mahsulotlarini yetkazib berishni ham yo‘lga qo‘ydik.
Biznes-forumda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.
Shu kuni Sankt-Peterburg gubernatori G.Poltavchenko Toshkent shahar hokimi R.Usmonov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda hududlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli va istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv yakunida Toshkent shahar hokimiyati bilan Sankt-Peterburg hukumati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Shuningdek, Sankt-Peterburg gubernatori G.Poltavchenko boshchiligidagi delegatsiya Toshkentning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi. Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lib, Mustaqillik maydonini ziyorat qildi.