O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Norma ijodkorligi hamda huquqiy axborotni tarqatish sohasidagi muammolar va ularning yechimlari
2017-11-09 | Jamiyat
Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 9-noyabr kuni vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning yuridik xizmat xodimlari ishtirokida “Norma ijodkorligi hamda huquqiy axborotni tarqatish sohasidagi muammolar va ularning yechimlari” mavzusida anjuman o‘tkazildi.
Anjumanda norma ijodkorligi, xususan qonun loyihalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Hukumatining normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini tayyorlashda va Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilishi ahvoli tanqidiy nuqtai nazardan tahlil qilinib, mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.Xususan, mazkur anjumanda yuridik xizmat xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari hamda Hukumatning qaror va farmoyishlari loyihalarini ishlab chiqishda hali-hanuz qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelinayotganligi, bu esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumatiga kiritiladigan hujjatlar loyihalari va masalalarni o‘z vaqtida va sifatli tayyorlanishiga to‘sqinlik qilayotganligi ta’kidlandi.
Vazirlik mas’ul xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi doirasida ishlab chiqilayotgan tegishli qonun hujjatlari loyihalarini sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishida yuridik xizmatlar faoliyatini kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir davomida vazirlik va idoralar tomonidan o‘zlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish borasidagi ishlari qoniqarsiz darajada ekanligi aytib o‘tildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur yo‘nalishda Adliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarga ularning idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqori turuvchi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritiladi va ularning bajarilishi ahvoli nazorat qilinadi.
Shu o‘rinda, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan mazkur taqdimnomalar bajarilmaganligi, shuningdek O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda “O‘zbekkino” Milliy agentligining mansabdor shaxslariga nisbatan mazkur holat bo‘yicha ma’muriy jazo choralari qo‘llanilganligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, ushbu anjumanda Adliya vazirligi hamda mutasaddi idoralarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 8-fevralidagi “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida qonunlarning ma’no-mazmunini joylarga yetkazish va ularni keng targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va mohiyatini yetkazishda yuridik xizmat xodimlari faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, anjumanda bu borada joriy yilning 9 oyi davomida Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash tomonidan davlat organlari va tashkilotlari hamda jamoat birlashmalarining huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasiga mas’ul 19 053 nafar xodimlarining ro‘yxati shakllantirilib, ularning 7 385 nafari hududiy o‘quv seminarlarda o‘qitilganligi hamda o‘tgan 9 oyda qabul qilingan 1 554 ta normativ-huquqiy hujjatlar Adliya vazirligi tomonidan elektron shaklda 609 ta davlat organlari va tashkilotlariga yuborilib, ular tomonidan 11 604 ta tarkibiy tuzilmalarining “E-xat” himoyalangan elektron pochta manzillariga yetkazilganligi va 554 395 nafar xodimlarning o‘qib o‘rganilishi tashkil etilganligi aytib o‘tildi.
Mazkur sohadagi ishlarni amalga oshirishda Adliya vazirligi bilan birgalikda barcha manfaatdor vazirlik va idoralar xodimlari, shu jumladan ularning yuridik xizmati xodimlari faol bo‘lishlari muhim ekanligi ta’kidlandi