O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fuqarolar murojaatlari asosida huquqbuzarliklarga chek qo‘yilmoqda
2017-11-09 | Jamiyat
Mamlakatimiz istiqlolga erishgan ilk kunlardanoq barcha jabhalarda izchil islohotlar amalga oshirilib, eng avvalo, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifa etib belgilandi. Joriy yilning «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qilinishi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
Prezidentimizning virtual qabulxonasi va xalq qabulxonalari fuqarolar bilan bevosita muloqot maydoniga aylandi. Shuningdek, murojaatlarni o‘rganish va mavjud muammolarni bartaraf etishda tashkilot va muassasalar «Ishonch» telefonlarining ahamiyati katta bo‘lmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi va hududiy davlat soliq inspeksiyalariga fuqarolardan turli mazmundagi qariyb 300 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Xususan, mazkur murojaatlardan birida Qiziriq tumanida faoliyat yuritib kelayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Quvondiq Abdurahimovga qarashli savdo shoxobchalarida savdo qoidalari qo‘pol ravishda buzilayotganligi bayon etilgan.
Ushbu murojaat dastlab soha xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganilib, qisqa muddatli soliq tekshiruvi o‘tkazildi. Nazorat tadbiri davomida shoxobcha sotuvchisi Quvondiq Abdurahimov xaridorga amalga oshirgan 20 ming so‘mlik xaridi uchun nazorat kassa mashinasi cheki bermaganligi hamda savdo shoxobchasining g‘aznasidagi 4 mln 550 ming so‘m naqd savdo puli nazorat kassa mashinasi xotirasidan o‘tkazilmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, shoxobchada 12 turdagi jami 32 mln 342 ming so‘mlik kirim hujjatlari va sifat sertifikatlari bo‘lmagan qurilish va xo‘jalik mollari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 maydagi 299-sonli qaroriga zid ravishda 3 turdagi 100-500 VTgacha bo‘lgan 792 ming so‘mlik cho‘g‘lanma lampalar sotuvga qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu tovar moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida vaqtincha olib qo‘yildi.
Fuqarolar murojaati asosida Sherobod tumanidagi «Surxon Agro Kimyo ta’minot» MChJga qarashli mineral o‘g‘itlar sotish savdo shoxobchasida o‘tkazilgan qisqa muddatli tekshirish davomida xaridorga 7 ming so‘mlik xarid uchun bank plastik kartochkasi orqali savdo qilish rad etilganligi va 35 ming so‘mlik naqd savdo puli nazorat kassa mashinasidan o‘tkazilmaganligi aniqlandi. Bundan tashqari, Kirim hujjatlari bo‘lmagan 1 turdagi 5 million 940 ming so‘mlik 5280 kg karbamid mineral o‘g‘iti mahsuloti daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi. Ushbu holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirildi.