O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parlament delegatsiyasining Vashington shahridagi uchrashuvi haqida
2017-11-07 | Siyosat
2017 yil 1-3 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolaridan va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat respublikamiz parlament delegatsiyasi AQSH poytaxti Vashington shahrida bo‘ldi. O‘zbekiston parlament a’zolarining AQSHga tashrifi Kongress kutubxonasi huzuridagi “Ochiq dunyo” yetakchilik markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Kapitoliyada bir qancha uchrashuvlar o‘tkazildi. Xelsin komissiyasi raisi, senator Rojer Uiker, Tashqi ishlar qo‘mitasining katta a’zosi Eliot Enjel, yetakchi kongressmenlar Fransis Runi, Jeff Fortenberri, Devid Prays, Jim Makgovern, Robert Aderxolt bilan muzokaralar tashkil etildi. AQSH Senatining xalqaro munosabatlar va byudjetdan ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha qo‘mitalari ijro etuvchi apparatlarining katta stafferlari, shuningdek Kongressning Tadqiqot xizmati ekspertlari bilan o‘zaro fikr almashildi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi natijasida O‘zbekistonda amalga oshirilgan o‘zgarishlar va islohotlar haqida AQSH qonun chiqaruvchi hokimiyati vakillariga axborot berildi.
Respublikada davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i sifatida parlamentning rolini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, bugun Oliy Majlisga hukumat tuzilmalari faoliyati ustidan keng nazorat qilish vakolati berildi, dolzarb masalalar yuzasidan parlament eshituvlarini tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, deputatlar va senatorlar joylarda saylovchilarning muammolarini hal qilishda bevosita ishtirok etish uchun mamlakat mintaqalaridagi o‘z ishlarini ancha faollashtirdilar.
O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida AQSH tomoni xabardor etildi. Jumladan, qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha izchil faoliyat olib borilayotganligi va bu Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi siyosiy muhitni shakllantirish imkonini berganligi ta’kidlandi. Kongressmenlar, senatorlar va ularning stafferlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning sentyabr oyida AQSHga qilgan tashrifi yakunlari, O‘zbekiston-AQSH biznes-forumida erishilgan kelishuvlar, jumladan 2,6 mlrd. AQSH dollari miqdorida imzolangan shartnomalar bilan tanishtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan olingan axborotga ko‘ra Kongress vakillari O‘zbekiston erishgan natijalarga yuksak baho berdilar. Kongressmenlar va senatorlar iqtisodiyotni mustahkamlashga va odamlar farovonligini yaxshilashga qaratilgan islohotlarni ro‘yobga chiqarishda respublikamizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanlikliklarini bildirdilar. Ikki mamlakat parlament a’zolari va xodimlarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish orqali xalqaro aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi a’zolarining AQSHga tashrifi davom etmoqda. AQSH shtatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish yo‘llarini muhokama etish uchun mamlakatning boshqa mintaqalariga safarlarni amalga oshirish tashrif dasturidan joy olgan.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati