O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda YeTTB vakolatxonasi ochildi
2017-11-09 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakolatxonasi ochildi.
Mamlakatimizga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki birinchi vitse-prezidenti Filipp Bennett rahbarligidagi delegatsiyaning tashrifi doirasida tashkil etilgan mazkur marosimda vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki birinchi vitse-prezidenti F.Bennett va boshqalar O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sohada xalqaro moliya institutlari, xususan, YeTTB bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabartining shu yil mart oyida mamlakatimizga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolangan edi. Unda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berilgan. Kichik va o‘rta korxonalar uchun maslahat berish va moliyalashtirish xizmatlari ehtimoliy dasturi, transchegaraviy savdo va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan savdoni moliyalashtirish, texnologiyalar va nou-xaular almashinuvini ta’minlash imkonini beradigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali O‘zbekiston iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish vazifalari shular jumlasidandir.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlik yillarida iqtisodiyotimizning turli tarmoqlariga 500 million dollardan ziyod mablag‘ jalb qilinib, buning samarasida 54 loyiha hayotga tatbiq etildi.
Joriy yil oktabr oyida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun dastlabki ikki loyihani bir ovozdan tasdiqladi. Mazkur loyihalar kichik va o‘rta biznes, savdoni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Milliy bankiga ajratiladigan 100 million dollar qiymatidagi kredit liniyasi, shuningdek, meva sharbati ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Agromir» xususiy kompaniyasiga ajratiladigan 10 million dollarlik zayomdan iborat. Ayni paytda moliya, qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlarida, shuningdek, joylardagi infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab qo‘shimcha sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqilmoqda. YeTTB «Kichik biznes uchun maslahatlar» dasturini ham ishga tushirdi. Uning doirasida birinchi loyihalar boshlab yuborilgan.
Tadbir doirasida Namangan va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida suv va issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirishga oid qiymati qariyb 215 million AQSh dollarlik beshta hujjat imzolandi. Bu loyihalar aholi salomatligi va turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shu kuni F.Bennett boshchiligidagi delegatsiya Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi. Universitet faoliyati, o‘quv jarayoni, ta’lim tizimi bilan tanishdi.