O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Georgiy Poltavchenko: O‘zaro hamkorligimiz imkoniyatlari keng
2017-11-09 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib bormoqda. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar barcha sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi doirasida imzolangan hukumatlararo bitimga muvofiq ikki mamlakat hududlari o‘rtasida aloqalar jadal rivojlanmoqda.
Sankt-Peterburg shahri gubernatori Georgiy Poltavchenko mamlakatimizga tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv juda samarali bo‘ldi. Unda O‘zbekiston bilan Sankt-Peterburg o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarda imkoniyatlar keng. Masalan, O‘zbekistonga Sankt-Peterburgdagi Kirov zavodida ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berishimiz mumkin. Sankt-Peterburgda ekologik toza, sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga talab yuqori. O‘zbekiston shunday mahsulotlarga boy. Delegatsiyamiz tarkibida oziq-ovqat sanoati va savdosiga ixtisoslashgan ko‘plab tashkilotlar vakillari kelgan. Bu borada yo‘lga qo‘yilgan tizim asosida mamlakatingizdan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari olishni ko‘paytirishdan manfaatdormiz.
O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shahrimizda bu sohada yaxshi salohiyat mavjud. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish, dori vositalari va tibbiy texnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Uy-joy, kommunal xo‘jaligi, jamoat transporti, aholiga xizmat ko‘rsatishni avtomatlashtirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston qadimiy madaniyat o‘lkasi, buyuk allomalar vatani. Sankt-Peterburg Rossiyaning madaniy poytaxti hisoblanadi. Uchrashuvda ko‘p yillik madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Bu kelishuvlarni tez orada huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlaymiz. O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni izchil davom ettiramiz.