O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Umumiy foydalanuvda bo‘lgan 155,2 kilometr avtomobil yo‘llari kapital ta’mirlandi
2017-11-08 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tomonidan «Avtomobil yo‘llari: inson manfaatlari yo‘lidagi islohotlar» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Nazarov va boshqalar mamlakatimizda transport infratuzilmasini mustahkamlash, avtomobil yo‘llari tizimini takomillashtirish, yo‘llar sifatini yaxshilashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishi hamda aholi farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizning ba’zi hududlaridagi ta’mirtalab yo‘llar aholi va transport harakatiga noqulayliklar tug‘dirmoqda. Bu esa aholi va foydalanuvchilar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 14-fevraldagi «Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida mavjud ichki xo‘jalik yo‘llari, chorrahalar, yo‘l o‘tkazgichlar, ko‘prik va yo‘llar rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etilmoqda.
Jumladan, shu davrga qadar umumiy foydalanuvda bo‘lgan 155,2 kilometr avtomobil yo‘llari kapital ta’mirlandi, xuddi shu tasnifdagi 2 ming 350 kilometr avtomobil yo‘llarida joriy ta’mir o‘tkazish yo‘li bilan ularning ravonligi ta’minlandi. 2017-yil 1-noyabr holatida 3 ming kilometrga yaqin mintaqaviy avtomobil yo‘llari ta’mirlandi. Yil oxirigacha O‘zbek milliy avtomagistrali tarkibidagi 260 kilometr avtomobil yo‘llari zamonaviy talab va standartlar asosida rekonstruksiya qilinadi.
Joriy yil G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov avtomobil yo‘lining 265, Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining 30 hamda Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi avtomobil yo‘lining 15 kilometr qismi qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, Amu-Buxoro kanali hamda Zarafshon daryosi ustidan o‘tgan yangi ko‘priklar ishga tushirildi.
Yo‘l xo‘jaliklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida joriy yil 215 turdagi zamonaviy yo‘l-qurilish texnikalari xarid qilindi. Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha Davlat inspeksiyasining tashkil qilinganligi qurilish va ta’mir muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishga hissa qo‘shmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.