O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijonda turizm va turistik xizmatlar eksporti hajmi oshmoqda
2017-11-08 | Turizm
Turizm mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirish, joylarda yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim o‘rin tutadi. Keyingi yillarda ushbu sohani jadal rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ichki turizmni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash, ayniqsa, ichki sayyohlik xizmatini rivojlantirish borasida Andijon viloyatida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– Viloyatda turizm va turistik xizmatlar eksporti hajmini oshirishning manzilli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiiqilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Andijon viloyati bo‘yicha vakolatli vakili Adham Ismonov. – Unga ko‘ra, turizm va sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, turistik xizmatlarni ichki va xalqaro sayyohlik bozorlariga taklif etish, viloyatdagi sayyohlik obyektlarini rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish, xizmat ko‘rsatishning sifati va samaradorligini bugungi kun talablari darajasiga ko‘tarishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatda “Kontinent trevl”, “Sayohat”, “Andijonturist”, “Xolis sayohat” kabi 20 dan ziyod turistik tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Ular asosan yurtdoshlarimizni Samarqand, Buxoro, Xiva, Urganch singari tarixiy shaharlarga sayohatga olib borish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, sayyohlik firmalari yurtimiz va xorijdagi 100 dan ziyod sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlik qilmoqda. Sayyohlik korxonalari “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro sayyohlik yarmarkasida doimiy ishtirok etib, viloyatning turistik imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Xorijiy va yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan sayyohlik korxonalariga Andijonning qadim va boy tarixini o‘zida mujassam etgan go‘shalar, madaniy meros yodgorliklari, go‘zal va betakror tabiat qo‘ynida joylashgan so‘lim dam olish maskanlari haqida ma’lumotlar taqdim etishda ushbu yarmarkaning ahamiyati katta bo‘lmoqda.
– Tashkilotimiz nafaqat mamlakatimiz, balki Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Malayziya, Singapur, Turkiya davlatlaridagi sayyohlik firmalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, – deydi “Xolis sayohat” sayyohlik firmasi rahbari Orifjon Sattorov. – Hamkorlarimizga viloyatdagi sayyohlik obyektlari haqida keng ma’lumotlar taqdim etilgan.
Viloyatda xalqimiz tarixini o‘zida mujassam etgan muzeylar, tarixiy obida va yodgorliklar, shuningdek, bahavo va xushmanzara dam olish maskanlari, muqaddas ziyoratgohlardan iborat 300 dan ziyod sayyohlik obyekti mavjud. Ulardan tanlab olingan 20 dan ziyod obyekt bo‘yicha turistik yo‘nalishlar ishlab chiqilgan.
O‘lkashunoslik, Adabiyot va san’at muzeylari, Andijon shahridagi Bog‘i Bobur, Buloqboshi tumanidagi “Shirmonbuloq”, Xonoboddagi “Xontog‘” dam olish maskanlari, Andijon shahridagi Mirpo‘stin ota, Jalaquduq tumanidagi Qutayba ibn Muslim, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Bibiseshanba, Xonoboddagi Fozilmonota, Xo‘jaobod tumanidagi Imomota, Baliqchi tumanidagi Uch buloq, Tuzluqmomo, Andijon tumanidagi Mehmoni Valiy ziyoratgohlari, Jalaquduq tumanidagi Sarvontepa, Chordona, Buloqboshi tumanidagi Toshtepa, Marhamat tumanidagi Mingtepa singari arxeologik yodgorliklar, ayniqsa, sayyohatchilar bilan gavjum bo‘ladigan maskanlardir.
Ushbu maskanlarning barchasida sayyohlar va dam oluvchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun zamonaviy sharoit yaratilgan. Dam oluvchilarga xizmat ko‘rsatish darajasi ham tobora yuksalmoqda. Bundan tashqari, keyingi yillarda aksariyat ziyoratgoh va dam olish maskanlarida obodonlashtirish borasida qator xayrli ishlar amalga oshirildi. Masalan, “Xontog‘” dam olish maskanidagi osma sim yo‘li to‘la rekonstruksiya qilindi, Baliqchi tumanidagi Uch buloq, Tuzluq momo, Paxtaobod tumanidagi Xovaskon ota, Andijon shahridagi Mirpo‘stin ota ziyoratgohlarida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, ziyoratchilar uchun zarur qulayliklar yaratildi.
Andijon ko‘rkiga aylangan Bog‘i Bobur dam olish maskanida ham katta hajmdagi obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bu yerdagi Bobur ramziy maqbarasi, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi mehmonlar va sayyohlarda katta taassurot qoldirmoqda.
Viloyat markazi kundan-kun chiroy ochib, zamonaviy binolar, savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, yo‘llar xalqaro talablar asosida qayta qurilmoqda. Shaharda 16 mehmonxona mavjud bo‘lib, xorijiy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish sifati yuksalmoqda. Viloyatdagi tanlab olingan sayyohlik obyektlari haqida bukletlar, kitoblar tayyorlangan, turistik firma va mehmonxonalarning internet-saytlari faoliyat yuritmoqda. Ularga dam olish maskanlari, ziyoratgoh va mehmonxonalar haqida o‘zbek, rus va ingliz tillarida ma’lumotlar joylashtirib boriladi.
Ichki turizmni rivojlantirish va qishloq joylarda servis xizmatini yanada yaxshilash maqsadida qo‘shimcha turistik yo‘nalishlar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Ulug‘nor tumanidagi baliqchilik xo‘jaligi hududida baliq ovi, Jalaquduq tumanida termal suv, Baliqchi, Marhamat, Shahrixon tumanlarida shifobaxsh qumlarda sog‘lomlashtirish turizmi yo‘nalishlari ochilgan. Marhamat tumani Mingtepa yodgorligida ochiq muzey, Buloqboshi tumanidagi Chilustun tog‘i hududida ekoturizmni tashkil etish borasida ishlar olib borilmoqda.
Andijonning go‘zal va xushmanzara tabiati ham har qanday kishini rom etadi. Bir necha ming yillik tarixga ega Sarvontepa, Mingtepa yodgorliklari ham xorijliklarda katta qiziqish uyg‘otishi aniq. Muxtasar aytganda, Andijonda turistlar, ayniqsa, xorijlik sayyohlarga taklif etiladigan maskanlar talaygina. Ana shu maskanlarda turizm, ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, sayohatchilar uchun qulayliklar yaratish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.