O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirlikda Microsoft vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2017-11-07 | Texnologiyalar
Bugun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Microsoft korporatsiyasining MDH mamlakatlaridagi bosh direktori Ronald Binkofski bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, davlat boshqaruvida bulutli texnologiyalarni, biznes hamda jismoniy shaxslar uchun Microsoft yechimlarini joriy qilish, Microsoft dasturiy mahsulotlarini legallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar ta’lim tizimidagi hamkorlik, xususan talabalar va aholini o‘qitish tizimini tashkil etishda Microsoft servislari va mahsulotlaridan foydalanish masalasini muhokama qildilar.
Microsoft delegatsiyasi tashrifi doirasida seminar ham tashkil etildi. Unda Microsoftning Yevropa bosh ofisidan kelgan yuqori malakali ekspertlar kompaniyaning elektron hukumat qurish borasidagi tajribasi haqida so‘zlab berishdi. Jumladan, joriy etilayotgan tizimlarning arxitekturasi, yondashuvi, boshqa mamlakatlar tajribasi, elektron hukumat konsepsiyasini amalga oshirishda davlat data-markazlaridan foydalanish variantlari haqida so‘z bordi.
Microsoft kompaniyasi haqida
1975 yilda asos solingan Microsoft korporatsiyasi dasturiy ta’minot ishlab chiqarish, insonlarning salohiyatlarini namoyish etishga xizmat qiladigan innovatsion xizmat va yechimlarni ishlab chiqarishda jahon yetakchisi hisoblanadi.
Microsoft korporatsiyasi korporativ va individual foydalanuvchilar uchun keng qamrovli asbob-uskunalar va xizmatlarni taqdim etadi, butun dunyodagi insonlarga ish joyida va uyida yangi imkoniyatlar yaratadi. Qurilmalari va xizmatlariga ish o‘rni va tarmoq amaliy tizimlari, mijoz-server muhitlari uchun server ilovalari, foydalanuvchilar uchun biznes-ilovalar va ofis ilovalari, interaktiv dastur va o‘yinlar, dasturlash vositalari va internet tarmog‘ida ishlash uchun vositalar kiradi. Bundan tashqari, Microsoft interaktiv (onlayn) xizmatlar taqdim etadi, kompyuter mavzularida kitoblar nashr etadi, kompyuterlar uchun periferik uskunalar ishlab chiqaradi, yangi kompyuter texnologiyalarini tadqiq etish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya 190 davlatda faoliyat olib boradi. Uning mahsulotlarini aksariyat personal kompyuterlar qo‘llab-quvvatlaydi va jahonning 45 tiliga tarjima qilinadi.